Mutaxassislar uchun malaka oshirish kursi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyat filiali hamda Navoiy davlat pedagogika instituti hamkorligida tuman (shahar) hokimliklarining 6 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Malaka oshirish kurslaridan ko‘zlangan maqsad hokimlik mutaxassislarining sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha bilim, malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirishdir.
O‘quv kurslari dasturini shakllantirishda davlatimiz rahbarining 2022 yil noyabr oyida Navoiy viloyatiga tashrifi davomida belgilangan topshiriqlariga muvofiq tuman (shahar) hokimliklari xodimlarini “mahallabay” va “fuqarobay” ishlashga o‘rgatish, shuningdek, ularning soha bo‘yicha tayanch bilim hamda boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Dastlab tinglovchilar uchun “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati”, “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari”, “Mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizimning mazmun-mohiyati va “mahalla yettiligi”ni joriy etishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oldida turgan asosiy vazifalar” kabi mavzularda ma’ruzalar tashkil etildi.
O‘quv kursidagi 18 soatlik dars mashg‘ulotlarining 75 foizi tinglovchilarning tegishli sohalar bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirishga, 25 foizi ularning boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishni nazarda tutadi.

– Bizning yo‘nalishdagi mashg‘ulotlar “Qishloq xo‘jaligida yer islohoti, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi”, “E-auksion, dehqon xo‘jaliklariga yer berish”, “Qishloq xo‘jaligi sohasida subsidiyalar berish tartibi”, “Ekin yerlaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish” kabi dolzarb mavzularda bo‘lib o‘tdi, – deydi Karmana tumani hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Furqat Xudoyberdiyev. – Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar tomonidan “Sayxunobod tajribasi” asosida hududlarda tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etilib, bu borada e’tibor qaratiladigan jihatlar yuzasidan tajriba almashinildi. Albatta, bu kabi treninglar xodimlarning bilim salohiyatini, malaka va bilim tajribasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga kelgusidagi faoliyati natijadorligiga xizmat qiladi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha ikki kun davom etgan o‘quv kurslari yakunlari bo‘yicha tinglovchilarning olgan bilim va ko‘nikmalari yuzasidan test sinovlari o‘tkazilmoqda.
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri