Mas’ullar javob berdi.
Surxondaryo viloyatidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor A.Qo‘ldoshev ishtirokida 17 sentyabr kuni konda yuz bergan texnogen hodisa yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Unda 17 sentyabr kuni soat 16:00 larda Boysun tumanidagi “Kofrun” MFY hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) koniga qarashli 604-son qudug‘ining yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqish holati qayd etilganligi aytildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro vafot etgan. 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. Kechaning o‘zida ularning 10 nafariga uyiga javob berilgan.
Joriy yil 1 sentyabr kuni soat 15:17 da “M-25” konidagi 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida vodorod sulfid gazi chiqishi kuzatilgan edi. Ushbu texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha respublika darajasidagi vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat tezkor shtab tuzilib, uning nazorati ostida hodisa oqibatlarini rejali bartaraf etish ishlari amalga oshirildi. Natijada 15 sentyabr kuni quduq germetiklangan hamda tabiiy gazning sizib chiqishi holati to‘liq so‘ndirilgandi.
Brifingda ishtirokchilarning “Nega bu hodisa yana takrorlandi?” deya bergan savoliga Energetika vaziri J.Mirzamahmudov mazkur konning geografik joylashuvi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan bevosita bog‘liqligini aytdi.
Qayd etilishicha, “Mustaqillikning 25 yilligi” koni ma’muriy jihatdan O‘zbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyati hududida joylashgan bo‘lib, Boysun shahridan 20 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Geografik jihatdan hudud tog‘oldi-adir relefidir. Relefning mutlaq balandligi dengiz sathidan 1000 metrni tashkil etadi.
“M-25” (“Gajak”) koni birinchi marta 1933 yilda geologik tadqiqot yo‘li bilan aniqlangan va 1938 yilda tayyorlangan. 1941 yilda bu yerda birinchi qidiruv qudug‘i burg‘ilangan. 1974 yilda 5-sonli quduqni sinovdan o‘tkazishda quyi bo‘r qatlamlaridan gazning sanoat oqimlari olingan. Xuddi shu yili tuzilma kon toifasiga kiritilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kon zahirasi 40 mlrd. m3ni tashkil etgan. 2006 – 2008 yillarda Malayziyaning “PETRONAS” kompaniyasi tomonidan “O‘zbekneftgaz” MXK bilan imzolangan qo‘shma o‘rganish to‘g‘risidagi bitim doirasida Gajak maydonida 3D seysmik qidiruv ishlari olib borildi va bitta quduq sinovdan o‘tkazildi.
Kompaniyaning loyihaga kiritgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari umumiy miqdori 102 million AQSH dollarini tashkil etdi. Kompaniyaning investitsiya siyosatidagi o‘zgarishlar, eng asosiysi, "Gajak" konini o‘zlashtirishning murakkabligi tufayli kompaniya loyihadan chiqdi.
"M-25" koni juda murakkab geologik tuzilishga ega. Murakkab geologik tuzilish ko‘p sonli strukturaviy buzilishlarning mavjudligi, filtratsiya-sig‘im xususiyatlarining katta xilma-xilligi bilan bog‘liq. Bu yerda samarali qazib olish uchun butasimon burg‘ilash usulidan foydalanish talab etiladi.
Ta’kidlash joizki, 2017 yildan "Surhan Gas Chemical Operating Company" kompaniyasi operator sifatida "Mustaqillikning 25 yilligi" konida va “O‘zbekiston mustaqilligi” investitsiya blokida mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirishni boshladi.
Geologiya qidiruv ishlari doirasida 160 kvadrat kilometr hududda 3D, 492 pogon kilometr hududda esa 2D uslubida seysmik tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Jami 23 ta quduqda burg‘ilash, 10 ta quduqda sinov ishlari yakunlangan.
Brifing yakunida mas’ullar bu yerda tegishli tashkilotlar mutaxassislari tomonidan barcha zaruriy ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
O‘zA.