O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayram shukuhi davom etmoqda. Idora va tashkilotlarda bayram munosabati bilan tantanali tadbirlar tashkil etilmoqda.
«Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlarda istiqlolning buyuk ne’mat ekani, mustaqillik xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan beqiyos qadriyat ekani e’tirof etilmoqda. Mustaqillikni yanada mustahkamlash uchun qilinishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, Prezidentimizning farmoni bilan Vatanimizning yuksak unvonlari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga mukofotlar topshirilmoqda.

Davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhi mukofotlash haqidagi farmonga ko‘ra taqdirlanganlar orasida Senat a’zolari ham bor.
Jumladan, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonovga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni berildi.

Senat a’zolari – Qarshi davlat universitetining Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari kafedrasi professori Abdurahim Irkayev «El-yurt hurmati» ordeni, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, Xorazm viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Faraxat Sa’dullayeva «Mehnat shuhrati» ordeni, Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar To‘ychiyev «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.
Davlat mukofotlari ularning aksariyatiga Davlatimiz rahbari tomonidan topshirilgan bo‘lsa, ayrimlariga esa mukofotlar parlament yuqori palatasida o‘tgan tadbirda Senat rahbariyati tomonidan topshirildi.
Shuningdek, bir qator devon xodimlariga parlament yuqori palatasi faoliyatidagi samarali xizmatlari uchun Senat tashakkurnomasi topshirildi.
N.Abduraimova, O‘zA