Mustaqillik tufayli fermer - mulkdor bo‘ldim
Mustaqilligimizning ilk yillaridan boshlab birinchilardan bo‘lib fermer xo‘jaligini tashkil etdim.
Fermerlik harakatini boshlagan yillarim birgina yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsam, bugungi kunda 6 yo‘nalish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayapman. Ya’ni, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi hisoblanaman.
Mamlakatimizda biz fermerlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar natijasida paxta–g‘alla ekishdan tashqari, bog‘dorchilik - olma yetishtirish hisobidan bir yilda qariyb 90 million so‘m daromad ko‘raman.
Bundan tashqari, qoramolchilik, parrandachilik va sabzavotchilik sohalarini rivojlantirish orqali millionlab daromad olayapmiz.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqda o‘ttiz yilda ham kosasi oqarmagan o‘zbek fermeri, degan maqolani o‘qib o‘ylab qoldim, ushbuni yozgan kishiga qarata aytmoqchiman, keling, biz fermerlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘ring, fermerlarimiz qo‘sha-qo‘sha mashinalar olayapti, to‘ylar qilayapti, kerak bo‘lsa ijtimoiy sohalarni ham rivojlantirib, bog‘cha va servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yganini bir ko‘ring demoqchiman.
Ushbu ishlarning barchasini fermer, ya’ni mulkdor bo‘lib, yerdan daromad olib qilyapmiz. Qo‘shimcha tarmoqlar ochib, qishloqqa sanoat olib kiryapmiz. Ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratyapmiz.Chunki, yurtimizda bu ishlarni amalga oshirish uchun biz fermerlarga imtiyozlar yaratilgan.
Bu yil 80 tonnadan ziyod g‘alla o‘z ixtiyorimda qoldi. Men ushbu g‘allani bozor narxlarida sotdim. Bu ham biz fermerlarga berilgan subsidiya, desam adashmayman.
Xullas, yurtimizda ishlagan, imkon qidirgan odam borki, u xoh fermer yoki dehqon bo‘lsin, xohi tadbirkor, daromad topyapti, shuning orqasidan orzu-havas ko‘ryapti.
A.Eshmatov,
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Anvar” fermer xo‘jaligi rahbari.