Bugun kombinatda olib borilayotgan yirik loyihalar, keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini yorqin aks ettirishda “Konchilar hayoti” gazetasining o‘rni beqiyos.
Mazkur nashr o‘ttiz yildan buyon korxona ko‘zgusi sifatida voqealar rivojini sahifalarida yorqin aks ettirib kelmoqda. Ayni paytda milliy matbuotimiz solnomasida ushbu ommaviy axborot vositasi o‘z o‘rniga, shonli yo‘liga ega, deyishga haqlimiz. Bunda, hech shubhasiz, tahririyat jamoasi va jurnalistlarining xizmatlari beqiyos.
Tarixiy manbaalarga ko‘ra, gazeta ilk soni 1991 yilda “Gornyak” axborot xabarnomasi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Matbuot qo‘mitasi (hozirgi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi – tah.) tomonidan 384-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasida sifatida davlat ro‘yxatiga olingan. Gazetaning nishona soni shu yilning may oyida A-3 formatda, ikki betda nashr etilgan. Kombinat texnik kutubxonasi arxivida saqlanayotgan mazkur axborotnomaning ilk soni bilan tanishish chog‘ida nashrga birinchi muharrir S.Ruxmaliyev bo‘lganligiga guvoh bo‘ldik.
Yillar davomida gazeta mazmun-mundarjasi, o‘qimishliligi, adadi, formati davr nafasiga mos tarzda shakllanib bordi. Bu orada qanchadan-qancha dolzarb mavzular yaratilmadi va yoritilmadi, deysiz!? O‘ttiz yillik faoliyati davomida nashr sahifalariga jo bo‘lgan ko‘p yillik axborot va maqolalar bundan dalolat beradi. Pirovardida bosib o‘tilgan shonli yo‘l tarixga muhrlanib, matbuot sohasining yorqin solnomalaridan biriga aylandi.
Ma’lumki, gazetachilik oson ish emas. Uning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Chunki uning har bir soni qalb qo‘ri, ko‘z nuri, tahririyat jamoasi mehnati evaziga yaraladi. Shuning uchun ham bu kasbning noni qattiq deyishadi. Aslida ham shunday. Maqola tayyorlashdan tortib, chop etilgunga qadar butun tahririyat jamoasidan qancha mehnat va mashaqqat talab etilishini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham gazetada ishlashning yuki, mas’uliyati og‘ir, deydilar. Bundan tashqari, faqat zamonga hamqadam bo‘lgan nashrgina o‘z o‘quvchisini topa oladi. Qadrdon gazeta mana shunday sinovli dovonni, zalvorli va zafarli yo‘lni shaxdam bosib o‘tdi.
1997 yilda xabarnoma Navoiy viloyat matbuot boshqarmasi tomonidan 0181-raqamli guvohnoma bilan qayta ro‘yxatdan o‘tib, gazeta maqomini oldi. 2015 yilgacha “Gornyak” nomi bilan o‘zbek va rus tillarida chop etildi. Shu yillarda gazeta bevosita tahririyat kompyuter bo‘limi, NKMK bosmaxonasi, “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati davlat korxonasi matbaa bo‘limida chop etilgan.
Hech shubhasiz, gazetaning ommabop, rang-barang tayyorlanishida tahririyat jamoasi muhim o‘rin tutadi. Turli yillarda ishlagan ijodkorlar o‘zlarining professional kasb mahoratlarini namoyon etib, turli mavzularda maqolalar, intervyular, axborot va yangiliklar yaratishga erishdi. Tahririyatda ishlab ketgan Dilfuza Gulyamova, Dilafro‘z Beknazarova, Inna Batalova, Yelena Perepadina, Irina Semyonova, Salima Xoldorova, Stanslav Altunyans, Denis Brailko, Nafisa Vohidova, Tatyana Brailko, Anton Smirnov, Viktor Minko, Anna Afinogeyeva, Ruslan Rahmatullayev, Tatyana Ivanova, Nikolay Aleksandrov, Andrey Ryabinin va boshqalar shular jumlasidandir. Shuningdek, N.Gromova, A.Kolomiychenko, I.Muhammadyorov, N.Sutyagin, D.Brailko, R.Galimova, V.Vilegjanin, B.Babenko, L.Zaretskoy, I.Denesova, A.Geraskin, A.Usmonov, N.Barinova, G.Lыsenko, V.Shlyaxtinalar ham faol jamoatchi muxbirlar sifatida doimiy o‘z chiqishlari bilan ishtirok etib kelgan. Mana shunday quvonchli kunlarda ushbu hamkasblarimiz haqida eslash biz uchun ham farz, ham qarz.
Kombinat rahbariyati tashabbusi bilan bundan olti yil muqaddam gazeta nomini o‘zgartirishga qaror qilindi. 2015 yil 29 iyunda mazkur nashr “Konchilar hayoti” gazetasi nomi bilan Navoiy viloyati matbuot va axborot boshqarmasi tomonidan 07-070-raqamli guvohnoma bilan qayta davlat ro‘yxatiga olinib, hozirgi kunga qadar shu nomda nashr etib kelinmoqda.
Darvoqe, bundan olti yil muqaddam gazeta nomini yangilash tashabbusi olg‘a surildi. Bu borada faol gazetxonlar, jamoatchilik vakillari, soha mutaxassislaridan ko‘plab takliflar olindi. Tahririyatga bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar orqali nom tanlash bo‘yicha ko‘plab taklif-mulohazalar bildirildi. Ular orasidan bevosita sohaga mos bo‘lgan “Konchilar hayoti” barchaga ma’qul keldi. Shu tariqa, nashrning 2015 yil 23 iyuldagi 14 (560)-soni yangi nom bilan chop etildi.

Shu o‘rinda, gazetaning hozirgi jamoasi haqida ko‘p iliq fikrlarni aytish mumkin. Ayni paytda tahririyatda ko‘p yillik jurnalistik tajribaga ega ijodkorlar ishlayotgani har qanday e’tirofga arzigulikdir. Muharrir Nizomiddin Sadriddinov, muxbirlar Nasiba Shamuratova, Azamat Zaripov, Sitora Asanova, Farrux Norqulov, Adiba Ahmedova, texnik muharrir Dilshod Suvonov va fotomuxbir Viktor Yakovlevlar gazeta har bir sonini qiziqarli tayyorlashga sidqidildan xizmat qilib kelayapti. Albatta, gazetaning rang-barang, o‘qimishli tayyorlanishida joylardagi jamoatchi muxbirlar, faol ijodkorlarning hissasi beqiyos. Bu borada Laylo Karimova, Mehriddin Tog‘ayev, Nafisa Sagatbayeva, Dildora Karimova, Dilshod Bobomurodov, Aziza Irisova, G‘ofurjon Yuldashev, Shavkat Kengboyev, Abduhamid Qurbonov, Abdulla Jumayev, Akbar Burhonov va boshqa faol ijodkorlarning tahririyat bilan yaqin hamkorligi har jihatdan tahsinga munosibdir.
Kezi kelganda aytish kerakki, bugun kombinat matbuot tizimida 20 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 11 nafari oliy ma’lumotli jurnalist kadrlar ekanligi har jihatdan e’tiborga molikdir.
Hozirda 12,7 ming nusxada Samarqand shahridagi “Noshir Lux” MCHJ bosmaxonasida yuqori poligrafik sifatda chop etilayotgan va gazetxonlar qo‘liga yetib borayotgan “Konchilar hayoti” gazetasi zafarli yo‘lda davom etmoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: Hozirgi vaqtda hayotimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va yangilanish jarayonlarining tub mohiyatini xalqimizga yetkazish, odamlarni yangi marralar sari safarbar etish, oldimizga qo‘ygan vazifalarni sifatli amalga oshirishda sizlarning ta’sirchan so‘zingiz, faol grajdanlik pozitsiyangiz suv bilan havodek zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, tahririyat jamoasi uchun o‘tgan davr yorqin ijod pallasi sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda gazetaning mazmun-mundarjasi, uslubi, muxlislari auditoriyasi, sifat va saviyasi har jihatdan oshganligi bizni quvontiradi. Bu samaralar, hech shubhasiz, tahririyat jamoasida fidokorona mehnat qilayotgan jurnalist va texnik xodimlar izlanishu intilishlari namunasidir.

30 yillik faoliyat - haqiqatda tarix oldida qisqa davr. Lekin shu fidokorona bosib o‘tilgan yillar va yo‘llar davomida gazetani tayyorlash jarayonlariga qanchalik jurnalistlarning mehnati singganligini, qalam tebratganligini oddiy so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu ishlar zahmatini faqat shu qozonda qaynagan ijod ahligina yaxshi tushunadi. Buning uchun shunday qutlug‘ sana arafasida barcha ustozu shogird qalamkashlar ijodiga tasanno va tahsin aytishni, har doim ular mehnatini mamnuniyat bilan e’tirof etishni, yutuqlari bardavom bo‘lishni, kelgusida ijodiy ishlariga yuksak parvozlar tilishni o‘zimizning burchimiz, deb bilamiz.

Ha, bugun barchamiz uchun qadrdon “Konchilar hayoti” gazetasi tashkil topganligiga 30 yil to‘ldi. Shu davrga qadar gazetaning 702 ta soni mushtariylar qo‘liga yetib bordi. Bu, hech shubhasiz, ulkan mehnat, jurnalistlar fidoiyligidan dalolat beradi. Ayniqsa, uning buyuk Istiqlolga tengdosh ekanligi dillarga o‘zgacha faxr bag‘ishlaydi. Hayot zavqi, soha yutuqlari, konchi va metallurglar matonatli mehnatini keng tarannum etib kelayotgan tahririyat jamoasi uchun shonli sana muborak bo‘lsin!
Mana shunday quvonchli lahzalarda beixtiyor dilga betizgin satrlar quyilib keladi:
Ijodingiz gullab-yashnab, palak otar,
Yozganingiz yuraklarga cho‘g‘day botar,
Gazetxonda o‘ziga xos his uyg‘otar,
Tinmay yozish kelmas malol, ijodkorlar,
Kasbingizning noni halol, ijodkorlar!
Abdumajid JO‘RAEV,
NKMK bosh direktori matbuot kotibi –
axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.