Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Har bir millatning, har bir davlatning tarixida ulug‘, taqdiriy sanalar bo‘ladi. Ularning eng ulug‘i — shubhasiz, mustaqillikdir. O‘zbekiston xalqi uchun ham 1991 yil 31 avgust ana shunday taqdiriy sana — tarixni mutlaqo yangi sahifadan boshlagan, buyuk kelajak sari qadam tashlangan kundir. Bu kun bizni kim ekanimizni, qanday salohiyatga ega ekanimizni, qanday Vatan qurishni xohlashimizni butun dunyoga ko‘rsatgan — milliy g‘ururimiz va o‘zligimizga ega chiqqan zafarli kundir.
Ayni paytda, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror ana shu ulug‘ sanaga munosib ehtirom ramzi, mustaqillikka bo‘lgan qadriyatimizning yuksak ifodasi bo‘ldi. Bu qaror nafaqat bayram tadbirlari konsepsiyasi, balki Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotiy natijalarini, mustaqillikning amaliy samaralarini har bir inson qalbiga yetkazishni ko‘zda tutadi.
Sakkiz yil muqaddam Prezidentimiz rahnamoligida boshlangan Yangi O‘zbekiston islohotlari tufayli yurtimizda ijtimoiy-siyosiy manzara butunlay o‘zgardi. O‘zbekistonning tashqi siyosiy mavqei mustahkamlandi, ichki hayotda inson manfaatiga xizmat qiladigan islohotlar bosh masalalardan biriga aylandi. Yangilangan Konstitutsiyamizning asosiy g‘oyasi — “Inson qadri uchun!” shiori yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etilayotganining qonuniy asosiga aylandi.

Bu jarayonda davlatimiz tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar davlatning xalq oldidagi mas’uliyatini amalda ifoda etayotgani bilan ahamiyatlidir. Muhimi, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, yordamga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar xalq turmushida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar berayotir. Bu borada, joriy yilning o‘zida 8 ming 300 ta loyiha orqali 292 mingta ish o‘rni yaratilgani, 500 mingga yaqin yangi ish o‘rinlarini ta’minlaydigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgani — iqtisodiy o‘sishning real ko‘rsatkichi sanaladi.
Aholini ish bilan ta’minlash, kasbiy rivojlantirish masalalarida ham tizimli yondashuv shakllandi. Maktab va texnikum, oliy ta’lim muassasalarini bitiruvchilarni ish beruvchilar bilan bog‘lashga xizmat qiluvchi yangi onlayn platformalar, “Harakatda daromad” kabi tizimlar joriy etilyapti. Aloqabank va Milliy bank tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 300 million dollarlik mablag‘ “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 240 mingga yaqin yoshlarni daromadli mehnatga jalb etadi.
Ayniqsa, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jahon tajribasi bilan qiyoslashga arziydi. 2017 yilda maktabgacha ta’lim qamrovi bor-yo‘g‘i 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 77 foizga yetdi. Oliy ta’limdagi qamrov 9 foizdan 42 foizgacha ko‘tarilgani — bu sohada qilingan ulkan sakrashlardir. Yurtimizda ijod maktablari, Prezident maktablari, ixtisoslashgan ta’lim muassasalari kabi ilg‘or modeldagi maktablar tashkil etildi. Masalan, Beruniy nomidagi xalqaro maktabda 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar iqtidorli o‘quvchi tanlab olinib, chuqurlashtirilgan ta’limga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, “TOP-500” talik oliygohlarga kirayotgan yoshlar soni bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqqani, 30 nafar yurtdoshimiz “TOP-10” universitetlarda o‘qishayotgani ta’lim sohasidagi yutuqlarimizning jahon miqyosidagi e’tirofidir. “El-yurt umidi” jamg‘armasi “TOP-300” talik universitetlarga qabul qilingan talabalarning o‘qish va yashash xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi tizimni joriy etgani ham yoshlarning orzu-maqsadlariga zamin yaratishga qaratilgan amaliy choralardan.
Ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat, adabiyot va sport sohalari ham davlat siyosatida ustuvor o‘rinni egallamoqda. Sportda erishilgan yutuqlar — millat salohiyatining jonli isbotidir. Parij Olimpiadasida O‘zbekiston sportchilari ilk bor kuchli o‘n beshtalikka kirgani, milliy futbol terma jamoamizning jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani — bu xalqaro maydondagi g‘alabalarimizni jahonga ko‘z-ko‘z qilmoqda.
Yoshlarga qaratilgan g‘amxo‘rlik va e’tibor Prezident qarorining eng muhim qirrasidir. “Yoshlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” degan shior ostida ularga bilim olish, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, IT sohalarida ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Masalan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 mingga yaqin yoshlar IT sohasida ta’lim oldi. Sun’iy intellekt sohasidagi 100 ta loyiha va “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi esa bu sohada yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Startaplarni moliyalashtirish va innovatsiyalarga yechim yaratish borasida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Misol uchun, 145 million dollarlik venchur sarmoya jalb qilindi va bu ko‘rsatkich 1 milliard dollargacha oshirilishi rejalashtirilgan. “Mohirlik va biznes soati”, “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovlari kabi tashabbuslar yoshlar faolligini yanada oshirmoqda. Bunda innovatsiya agentligi va IT-parkning hamkorlikdagi tadqiqot markazlari, “Yoshlar venchur” jamg‘armasidan 50 ming dollargacha qoplash mexanizmi yoshlar tashabbuslarini amaliy qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, “Kelajak liderlari” dasturi orqali har yili 100 nafar yosh mutaxassis tayyorlanadi. Ular vazir va hokimlarga biriktirilib, davlat boshqaruvida amaliy tajriba to‘playdi. Bu yosh kadrlar tayyorlashning institutsional shakllanishi — Yangi O‘zbekistonda inson kapitaliga berilgan e’tiborning yana bir isboti bo‘ldi.
Yoshlar ta’lim-tarbiyasida kitobxonlik, san’at va madaniyat ham muhim o‘rin tutmoqda. Madaniyat va san’at oliygohlariga imtiyozli qabul, ijodiy tanlovlar g‘oliblariga rag‘bat, “Iqtidor” maktab ansambli g‘oliblarining musiqa maktablarida bepul o‘qishi — bu boradagi chuqur o‘ylangan, ustuvor siyosatning amaliy ko‘rinishidir. Bu kabi chora-tadbirlar yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni ma’naviy boy va vatanparvar avlod qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda yoshlar bilan ishlashda nafaqat markazda, balki hududlarda ham yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Chekka hududlarda ijodiy chiqishlar tashkil qilish uchun viloyat hokimlari tomonidan avtobuslar ajratilishi, bu orqali g‘oliblar o‘z yutuqlari bilan boshqalarga namuna ko‘rsatayotgani “bir yosh — ming umid” degan hayot haqiqatini tasdiqlaydi.
Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasi ham qarorda alohida o‘rin olgan. Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i”da “Millat fidoyilari” monumentining ochilishi, u yerda Vatan yo‘lida jonini fido qilgan 196 nafar mardlar nomi muhrlangani — bu nafaqat ulug‘vor ramz, balki tarixdan saboq va kelajakka chorlovdir. Yoshlar bu kabi muqaddas joylarda vatanga muhabbat, el-yurtiga sadoqat ruhida tarbiyalanmoqda.
Qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlar va tashabbuslar nafaqat milliy istiqlol bayramini yuqori saviyada o‘tkazish, balki bu sana orqali xalqimizning davlatchilik g‘oyasiga sadoqatini, kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Shu ma’noda, bayramning g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu va umummilliy g‘oya asosida shakllantirilgani tasodifiy emas. Bu — faqat bir bayram shiori emas, balki har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar qalbida yashaydigan ichki e’tiqod va hayot kredosidir.
Xalqaro hamjamiyat ham bu islohotlarni tan olyapti. BMT O‘zbekistonni “Yoshlar — 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan yetakchi 10 davlat qatoriga kiritdi. Yoshlar taraqqiyot indeksidagi muvaffaqiyatlarimiz islohotlar samaradorligining xalqaro bahosidir. Shuningdek, Buxoro shahrining Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkentning esa MDH yoshlari poytaxti sifatida e’tirof etilishi — yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning e’tirofi bo‘ldi. Global yoshlar festivali esa nafaqat mahalliy, balki xalqaro hamkorlik va tajriba almashuvi uchun yangi maydon sifatida xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, davlat rahbari tomonidan aytilgan quyidagi so‘zlar bugungi siyosatimiz, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yoshlar bilan ishlashning falsafiy asosini tashkil etadi:
“Sizlarning har bir yutug‘ingiz — butun xalqimizning yutug‘idir. Azmu shijoatingiz, sog‘lom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz — millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir.”
Mana shu so‘zlarda davlat va yoshlar o‘rtasidagi mustahkam bog‘, ishonch va javobgarlik ifodasi mujassam. Bu ishonch — har bir yigit-qizimizning kelajak sari intilishini, ulkan marralar sari harakatini rag‘batlantiradi. Bayram arafasida qabul qilingan qaror esa mustaqilligimizning 34 yillik shonli sanasini munosib nishonlash bilan birga, ushbu g‘oyalarni hayotga to‘liq tatbiq etishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur qaror nafaqat bir bayramni tashkil etishga qaratilgan rasmiy hujjat, balki Yangi O‘zbekistondagi jadal rivojlanish, ijtimoiy adolat, inson qadri, yoshlar kelajagi haqidagi ulkan strategiyaning bir bo‘lagi sifatida xalqimiz va kelajak avlod uchun muhim ma’naviy, siyosiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik — o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan xalqning azaliy orzusi. Shuning uchun ham uning har yili nishonlanishi yangi bosqichdagi taraqqiyotimiz, jamiyatning yanada uyg‘un va zamonaviy islohotlar sari yuz tutishi, xalq va davlatning hamjihatlikda olg‘a intilishining ramziga aylanmoqda. Vatanga sadoqat va mustaqillikka muhabbat bilan yashaydigan yoshlar bor ekan, kelajagimiz ravshan va porloq bo‘lishi shubhasiz.
Sobir TURSUNOV,
pedagogika fanlari doktori, professor.