Mustaqillik – eng ulug‘ va eng aziz ne’mat
Bugun yurtimiz ozodlikka erishganiga, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritganiga 31 yil to‘ldi. Har bir millat va xalq uchun eng muqaddas qadriyat, bu shubhasiz, mustaqillikdir. Bu qanchalar oliy ne’mat, baxt ekanligini qaram, mutelik ostidagi davlatlar taqdirini kuzatib amin bo‘lasiz.
O‘zbekiston mustaqilligi xalqimiz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab berdi. Ushbu qutlug‘ sana har bir inson, har bir oila hayotida o‘ziga xos o‘rniga ega.
Ayni damda mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bayram shukuhi har bir tashkilot, har bir xonadonda kezib yuribdi.
Sana munosabati bilan Toshkent shahar bojxona boshqarmasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida "Mustaqillik – eng ulug‘ va eng aziz ne’mat" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tadbirda Vatanimiz mustaqilligi tarixi, bugungi farovon kunlar mavzusida ma’ruzalar tinglandi.
–Mamlakatimizdagi bunyodkorlik, jo‘shqinlikning asosiy sababi, eng avvalo, mustaqillik bergan huquq va erkinlik hamda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar samarasidir, – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i T.Saidov. – Eng muhimi yurtimizdagi o‘zgarish xalqimiz ongida ro‘y berdi. O‘tgan yillar davomida singdirilgan mustabid tuzumning soxta g‘oyalariga bo‘lgan ishonch yemirildi. Xalqimiz dunyoqarashida mustaqillik tuyg‘usi, erk hisi chuqur ildiz otdi. Yurtimizda butun boshli yangi avlod – istiqlol farzandlari yetishib chiqdi. Bugun biz erishgan va erishajak yuksak marralar, ozod va obod Vatanimiz manzaralari, avvalo, istiqlol sharofatidandir. Shu boisdan, mustaqillik bayrami har yili eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanadi.
Eng muhimi har yilgi bayram tadbirlari o‘zgacha ma’no-mazmun kasb etadigan shior ostida nishonlanadi. Bu yilgi bayram Prezidentimiz qarori bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida mujassam etgani alohida e’tibor va e’tirofga loyiq.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA