Vatanimiz tarixidagi 7 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1825 yil (bundan 200 yil oldin) – tarixchi olim Ogahiyning “Riyoz ud-davla” (“Saltanat bog‘lari”) asarida yozilishicha, Xiva xoni Muhammad Rahimxon I yigirma yil hukm surib 50 yoshida “...tarixi hijriy 1240da, tovuq yilining avoyili ramazoni ol muborak oyining o‘n to‘qqizinchi oqshomida (milodiy 1825 yil 7 mayda) irodayi azaliy ... qazo hukmiga rizo bo‘ldi”.
Ogahiyning qayd etishicha, hukmdor vafot etgach, bu voqea hali xalqqa e’lon qilinmasdan oldin, o‘sha kuni taxtni kimga topshirish masalasida kengash o‘tkaziladi. Kengash ahli maslahatlashib, marhum hukmdorning katta o‘g‘li Olloqulining boshini xonlik tojini kiyishga loyiq deb topadi. Ammo qadimdan o‘rnatilgan taomilga muvofiq valiahd, garchand kengash uning toj vorisligini bir og‘izdan tasdiqlagan bo‘lsa ham, xonlik taxtiga chiqishga shoshilmasligi, bu masalada ma’lum odob qonun-qoidasiga rioya qilishi lozim bo‘lgan. Shunga ko‘ra, Olloqulixon bu taklifga dastlab rad javobini beradi.
“Shunda ulug‘lar iltimos va iltijo qildilarki, agarchi foniy dunyoda inson savob ishlar qilmasa, boqiy dunyo saodatiga erishmaydi. Podshoh adolat bilan hukmronlik qilsa, ikki jahon mamlakati uning taxti farmoniga kirgusidir. Hadisda aytilganidek, “Bir soatlik adolat bir yillik ibodatdan afzal”... Ko‘pchilikning yuzidan o‘ta olmay ul oliy zot, ya’ni Olloqulixon yoshi o‘ttizga yetganda hijriyning 1240-tovuq yilining boshida, Ramazon oyining 19 da soat kechki beshdan o‘tib oltiga yaqinlashganda (milodiy 1825 yil 7 may shanba kuni) taxtga o‘tirdi”.
1865 yil (bundan 160 yil oldin) – Qo‘qon xoni Sulton Sayyidxon va amir lashkar Alimquli Chernyayev boshchiligidagi rus qo‘shinlari Toshkentga yaqinlashgani haqida xabar topgach, qo‘shin bilan Qo‘qondan chiqib, 7 may kuni ertalab Toshkentga yetib kelishdi. Alimquli va xon qarorgohi Afrosiyob tepaligida joylashdi.
Shu kuni Mingo‘rik mavzesida shahar himoyachilari ishtirokida katta mashvarat o‘tkazilib, g‘azavot e’lon qilindi. Qashqar hokimi Valixon to‘raning qashqarliklar ham bu g‘azavotga qo‘shilajaklari haqidagi maktubini Alimquli shahar himoyachilariga shaxsan o‘zi o‘qib eshittirdi.
Toshkentning obro‘li zodagonlari kurashni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, shahardagi barcha ot-ulovlar To‘ytepada qoldirilgan Qo‘qon qo‘shinining yuk-aslahalarini tashishga safarbar qilindi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati rasmiy jihatdan tashkil etildi. Shu kuni har xil idoralar tarkibidagi ko‘p sonli meteostansiyalar yangi tashkil etilgan xizmat – Turkiston meterologiya institutiga birlashtirildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Toshkent shahrida 1867 yildan muntazam meteorologik kuzatishlar yo‘lga qo‘yilgan, 1870 yilning mart oyidan “Turkestanskiye vedomosti” gazetasida meteokuzatish ma’lumotlari va ob-havo to‘g‘risidagi xabarlar e’lon qilina boshlangan.
1929 yil (bundan 96 yil oldin) – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni To‘lepbergen Qayipbergenov tavallud topdi (vafoti 2010 yil). Uning asarlari qoraqalpoq xalqining XVII–XVIII asrlardagi tarixi, Orol fojiasi, mintaqadagi ekologik vaziyat, turkiy tilli xalqlarning o‘zaro qardoshligi haqida.
1945 yil (bundan 80 yil oldin) – Bekobod 50 mingga yaqin aholisi bilan viloyat bo‘ysinuvidagi shahar maqomiga ega bo‘ldi. Bekobod shahrining tashkil etilishida Bekobod sement zavodi, O‘zbekiston metallurgiya zavodi hamda Farhod GESning ahamiyati katta.
1945 yil (bundan 80 yil oldin) – Toshkent shahridagi Tillashayx masjidi qaytadan ochilib, yana faoliyat ko‘rsata boshladi. O‘sha vaqtdagi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Musulmonlar idorasi joylashgan Baroqxon madrasasi xamda Qaffol Shoshiy maqbarasi, Mo‘yi muborak madrasasi kabi bir qator tarixiy obidalar yaqinida joylashgan Tillashayx masjidi o‘tgan asrning 50-yillariga kelib shahardagi eng yirik jome’lardan biriga aylangan. Bu davrda Qaffol Shoshiy mozori ziyoratiga kelgan ko‘plab xorijiy davlatlar delegatsiyalari, siyosiy arboblar va ziyoratchilar bilan uchrashuvlar odatda Tillashayx masjidida o‘tkazilgan. Jumladan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Musulmonlar idorasi vakillarining S.Gumeri boshchiligidagi Hindisgon musulmonlari deleganiyasi (1954 yil noyabr), AQSH Oliy sudi a’zosi Uilyam Duglas (1955 yil 16 avgust) kabi mehmonlar bilan bo‘lgan suhbatlari mazkur masjidda bo‘lib o‘tgan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Toshkentda mustaqil O‘zbekiston birinchi pochta markasining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Pochta markasida o‘zbek shoirasi Mohlaroyim – Nodira aks ettirilgan. Uning muallifi ilk o‘zbek ayol rassomi Shamsiro‘y Hasanovadir.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan mustaqil O‘zbekiston tarixidagi birinchi orden – I va II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etildi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Havo kodeksi tasdiqlandi. Mazkur kodeksning 1-moddasiga muvofiq, respublikaning quruqlikdagi yerlari va suv havzalari ustidagi samoviy hududiga O‘zbekiston Respublikasi to‘la va tanho egalik qiladi. O‘zbekiston Respublikasining samoviy hududi O‘zbekiston davlati hududining ajralmas qismidir.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sobiq SSR Ittifoqining mukofotlar qonunida belgilangan huquq va burchlarni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida saqlab qolish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – YUNESKOning Parijdagi vakolatxonasida Samarkandning 2750 yilligi xamda Marg‘ilonning 2000 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA