Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolandi.
Bitim doirasida taxminan 182 million dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan. Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan G.Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi.
Mablag‘lar BMTning “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.
Ta’kidlash lozimki, muqaddam 2022 yil 16 avgustda Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarish usullari to‘g‘risidagi bitim” imzolangan. Ushbu bitim noqonuniy orttirilgan aktivlarni BMTning “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali O‘zbekistonga qaytarish mexanizmi hamda asosiy tamoyillar va maqsadlarni belgilaydi.
Mazkur ishlar doirasida 2022 yil avgustda imzolangan birinchi bitim taxminan 131 million dollar miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarilishini nazarda tutadi. Yangi bitim imzolanishi bilan O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarilgan mablag‘larning jami miqdori 313 million dollarga yetadi.
“Uzbekistan Vision 2030 Fondi” orqali qaytarilayotgan mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Fond va uning loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq manbada o‘zbek va ingliz tillarida fondning veb-saytiga joylashtirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA