Musiqaning kamtarin bilimdoni edi
Yaxshi musiqa insonni osmon qadar yuksaltiradi. Koʻnglini togʻdek koʻtaradi.
Xotira
Yaxshi musiqa insonni osmon qadar yuksaltiradi. Koʻnglini togʻdek koʻtaradi. Ruhiyatiga tiniqlik baxsh etadi. Yoshlarning musiqiy savodxonligini oshirishda ustozlarning oʻrni beqiyos.
Umrini musiqa sanʼatiga baxshida etgan Dilora Murodova ana shunday jonkuyar ustoz-murabbiylardan edi. Koʻp yillar avval Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyati, undagi oʻquv, ijodiy-tadqiqot jarayonlari haqida maqola yozish topshirigʻi bilan ushbu bilim dargohiga borganimda, oʻsha paytda konservatoriya rektori boʻlgan Dilora Murodova bilan uzoq suhbatlashgandik.
Oddiy, kamtarin, barchaga birdek samimiy muomalada boʻluvchi bu jonkuyar inson konservatoriyaning kundalik hayoti, iqtidorli yoshlari, ijodiy konsert faoliyati xususida soʻzlab bergandi.
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi aʼzosi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori Dilora Murodova Oʻzbekistonda yetakchi musiqashunoslardan biri edi. Olimaning Markaziy Osiyo musiqali teatr tarixi va nazariyasi bilan bogʻliq boʻlgan ilmiy-ijodiy qiziqishlari ilmiy, ilmiy-publitsistik, ilmiy tadrijiy va pedagogik maqolalarida, teleradio chiqishlarida namoyon boʻldi.
1989-yilda opera janrining Markaziy Osiyo va Qozogʻistonda shakllanishiga doir ilmiy dissertatsiyasini himoya qilib, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor boʻlgandi. 2009-yilda tanlov asosida “Antic world” xalqaro akademiyasi tomonidan fan doktori unvoni tasdiqlangan.
Fundamental ilm sohibasi D.Murodova qalami oʻtkir olimalardan edi. Har bir maqolasi, ilmiy maʼruzalari qiziqarli va asosli ravishda yoritilib, oʻquvchi diqqatini oʻziga jalb etardi. “Musiqa teatrining anʼanalariga doir”, “Opera va musiqali drama”, “Markaziy Osiyoda musiqali teatr taraqqiyoti muammolari”, “Sharq xalqlari musiqa sanʼatining mushtarakligi”, “Mustaqillik davri Oʻzbekiston kompozitorlik ijodiyoti toʻgʻrisida” kabi mavzulardagi oʻzbek, rus va ingliz tillarida yozgan yuzga yaqin ilmiy maqolalari respublika va xorijdagi toʻplamlar va jurnallarda nashr etilgan. 2007-yilda Moskvada “Opera va musiqiy drama” (“Opera i muzыkalnaya drama”) monografiyasi, 2008-yilda “Fortepiano musiqasi talqini” ( “Interpretatsiya fortepiannoy muzыki” ) nomli oʻquv qoʻllanmasi chop etildi.
Dilora Murodova qirq yilga yaqin hayotini yosh avlodni tarbiyalashga, musiqa sohasida bilim berishga bagʻishladi.
Turli yillarda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining aspirantura hamda xalqaro aloqalar boʻlimlari boshligʻi, ilmiy-ijodiy ishlar boʻyicha prorektor va sakkiz yil mobaynida rektori lavozimida faoliyat yuritib, oliy oʻquv yurtining ilmiy salohiyatini oshirishga katta hissa qoʻshdi. Konservatoriyaga yangi maqom berilgan ilk yillarda (2005-yil) rektor vazifasiga tayinlangan D.Murodova ushbu oʻquv dargohi mavqeini yangi bosqichga koʻtardi, zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida ishlash tizimini, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash ishlarini keng yoʻlga qoʻydi. Konservatoriyaga tashrif buyurgan har bir chet ellik mehmon bunday zukko va olima rahbar bilan suhbatlashganda Oʻzbekiston musiqa sanʼati haqida batafsil maʼlumotlar olardi. Buning samarasida yurtimizga qayta-qayta kelish va taʼlim hamda ijodiy munosabatlarni mustahkamlashga boʻlgan ishtiyoqi kuchayardi.
D.Murodova shogirdlar yetishtirishda ham oʻz maktabiga ega edi. Har bir talabaning qiziqish doirasini oʻrgangan holda ularga alohida yondashar, bilim va koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishda yordam berardi. Bugungi kunda opaning koʻplab shogirdlari respublikamizdagi qator oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida, madaniyat muassasalarida samarali faoliyat olib bormoqda.
Dilora Murodovaning olib borgan ilmiy, pedagoglik, rahbarlik faoliyati, jamoatchilik ishlari uning shogirdlari va yosh avlod tomonidan davom ettirilmoqda.