Musiqali drama teatr yangi qiyofada
Bayram shodiyonalari joylarda davom etmoqda. Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ham bayram munosabati bilan kapital rekonstruksiyadan so‘ng bugun o‘z bag‘riga yana faxriy mehmonlarni chorladi.
Binoning tantanali ochilish marosimida el ardoqlagan taniqli san’atkorlar ham ishtirok etdi va viloyat ahlini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy qutladi.
Ta’kidlash lozimki, viloyat musiqali drama teatri binosi 1983 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, shu paytgacha kapital ta’mirlanmagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 yanvardagi “2018 – 2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat musiqali drama teatri binosida o‘tgan yilning noyabr oyidan boshlab davlat byudjeti hisobidan mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Ushbu maqsadlar uchun 7 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Qashqadaryo viloyati hokimligi “Do‘stlar klubi” faoliyati doirasida asosiy homiy sifatida teatrning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadida ko‘pgina amaliy va moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 829 million so‘mga katta monitor, 378 million so‘mga teatr sahnasi uchun parda olib berildi. Teatrning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va teatr uchun zaruriy mebel va jihozlar olish uchun teatr hisobiga 2 milliard so‘m moddiy mablag‘ ajratib berildi.
Teatr sahnasi 1997 yildan buyon aylanmas holga kelgandi. Kapital ta’mir sababli sahna ta’mirlanib, zamonaviy asbob uskunalar yordamida qayta aylantirish holatiga keltirildi. Sahnaning dekoratsiyalari, pardalari uchun mo‘ljallangan katta texnologik qurilmalar yordamida ko‘tarilib, tushiriladigan shtangetlar ham qayta ta’mirlanib, xavfsizlik nuqtai nazaridan mustahkamlandi. Teatr binosining isitish va sovutish tizimi, xususan aktyorlarning grimxonalarida yuvinish uchun suv tarmoqlari va isitish tarmoqlari quvuri o‘tkazildi. Har bir bino qavatlari va ulardagi aktyorlarning grimxonalari va texnik xodimlarning xonalari zamon talablariga mos ravishda ta’mirlandi.
“Teatr garderobdan boshlanadi” – deya ta’rif beriladi. Shu bois, teatrga kirish zali vestebyuli 60 santemetr qilib ko‘tarilgan holda zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Tomoshabinlarning 640 o‘rinli zali ham pol va o‘rindiqlari qayta ta’mirlandi. Teatrning tashqi ko‘rinishi, teatrning old fasadlarida ham katta qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, teatr old fasadi ham zamonaviy ko‘rinish kasb etdi. Eskirib qolgan monumental shakliga zamonaviy sayqal berildi. Teatrning old maydonida qariyb 15 kilometr kvadrat yer maydoni ham deyarli 1,5 metr tekislangan holda, zinapoyalardan chiqish yo‘laklari ham zamonaviy ko‘rinish oldi. Tomoshabin zalida tomoshabinlar uchun ham qulay sharoitlar yaratish maqsadida, avvalo nogironlar va imkoniyati cheklanganlar uchun yuqori qavatlarga ko‘tarilishida panduslar o‘rnatildi.
Xullas zamonaviy ko‘rinish olgan teatr binosida ijod qilish va tomoshabinlarni betakror sahna asarlari bilan siylash baxti teatr jamoasini nihoyatda xushnud etmoqda.
Tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Mirzayev ishtirok etdi.
[gallery-3764]
O‘lmas Barotov,
O‘zA. Jamshid Norqobilov (surat)