Shu kunlarda Janubiy Koreyada musiqa va san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun "Xalqaro bolalar san’ati almashinuv ko‘rgazmasi-2025" bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazmada 30 dan ortiq mamlakat o‘quvchilarining 280 ga yaqin san’at asarlari namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston maktab o‘quvchilarining ko‘rgazma uchun jami 14 ta asari tanlab olingan bo‘lib, ularda dunyoda tinchlikni asrash, urushga qarshi murosasiz munosabat va insonlar o‘rtasida totuvlikni targ‘ib qiluvchi mazmunli g‘oyalar aks etgan. Bu asarlar orqali yurtimiz bolalari global hamjihatlik, mehr-oqibat va insonparvarlik qadriyatlariga o‘z qarashlarini namoyon etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tadbir Xalqaro almashinuv fondi va qator hamkor tashkilotlar tomonidan har yili o‘tkaziladi va u mahalliy aholi va mehmonlar uchun san’at orqali turli dunyo madaniyatlarini o‘rganish hamda ishtirokchi mamlakatlar va mazkur shahar o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Ushbu xalqaro ko‘rgazma 11 iyulga qadar davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA