O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasida Orolbo‘yidagi mavjud bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini o‘rganish, ta’lim sifati bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash va jamoatchilik eshituvini tashkil etish belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Jo‘qorg‘i Kenges deputati Tajibay Romanov, xalq deputatlari Nukus shahar kengashi deputati Endirbay Abdullayev va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Nukus shahridagi 12-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘ldi.

O‘tkazilgan o‘rganish davomida maktab binosining bugungi holati, moddiy-texnik bazasi, o‘quvchilarga ta’lim berayotgan pedagoglarning mutaxassisligi to‘g‘ri tanlanganligi, o‘quv jarayonida foydalanilayotgan darsliklar va boshqa masalalar bo‘yicha ma’lumotlar olindi. Shuningdek, ishchi guruh a’zolari shu kuni Nukus shahridagi 22- va 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktablariga tashrif buyurib, o‘quv yurtlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganish ishlari 24-26 fevral kunlari Nukus shahri va barcha tumanlarida o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar va muammolar ishchi guruh a’zolari tomonidan tahlil qilindi. Yakuniy xulosalar tayyorlanib, amalga oshirilish lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri