O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Zulfiyaxonim qizlari" klubida jam bo‘lgan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining sovrindor qizlari - shoiralar ijodiy ishlari to‘planib, “Mushoira etadi davom” nomli bayoz chop etildi.
Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi «Ovoz+» Ijodkor ayollar maslahat kengashi hamda «Zulfiyaxonim qizlari» klubi tomonidan nashrga tavsiya qilingan.

Mazkur nashrning taqdimoti O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda e’tirof etilganidek, adabiyot sohasida izlanayotgan ijodkorlar safida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Yozuvchilar uyushmasi tomonidan ularning samarali izlanishi, ijod qilishi borasida zarur barcha sharoitlar yaratilmoqda. Ijodkor qizlarning mashqlari muntazam chop etilmoqda. Ustoz shoir va yozuvchilarimiz ulardan o‘z qimmatli maslahatini ayamayapti.

“Mushoira etadi davom” adabiy loyihasining rahbari – Farida Afro‘z, adabiy almanaxni to‘plovchi va mas’ul muharrir – Nargiza Asadova.
Mazkur kitobga Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq topilgan 67 nafar ijodkor qizning jami 234 ta ijodiy ishi jamlangan. Shulardan 226 ta nazm, 1 ta dramatik asar, 7 ta nasrdan iborat.

Adabiy tadbirda mamlakatimizda iste’dodli qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar haqida batafsil so‘z yuritildi. Zulfiyaxonim izdoshlari o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdilar.
N.Usmonova, O‘zA