O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi oddiy siyosiy bayonot emas, balki mamlakatimizning kechagi yo‘li, bugungi qadamlari va ertangi odimlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ochib bergan hayotiy hujjat bo‘ldi.
So‘nggi yillarda yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarni oddiy odamlar hayoti misolida ham ko‘rish mumkin. Ilgari ish topish, tadbirkorlikni boshlash, uy-joyli bo‘lish yoki farzandni ta’lim muassasasiga joylashtirish masalalari ko‘pchilik uchun og‘ir muammo bo‘lib kelgan. Bugun esa shu va shunga o‘xshash ko‘plab masalalar bosqichma-bosqich, ochiq va shaffof mexanizmlar orqali hal etilmoqda.
Murojaatnomada aynan shunday islohotlarning inson hayotida qanday aks etayotgani aniq raqamlar va dalillar bilan ko‘rsatib berildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard dollardan oshgani, eksport va investitsiyalar ko‘lamining kengaygani shunchaki quruq iqtisodiy raqam emas, balki millionlab odamlar uchun yangi ish o‘rinlari, barqaror daromad va ertangi kunga ishonch demakdir. Xalq tili bilan aytganda, “iqtisod o‘sdi” degani — xonadonlarda dasturxon to‘kinlashdi, deganidir.
Murojaatnomada alohida urg‘u berilgan mahalla masalasi ham xalqimiz uchun begona tushuncha emas. Azal-azaldan mahalla — tarbiya, hamjihatlik va o‘zaro ko‘mak maktabi bo‘lib kelgan. Qiyin damlarda qo‘shni qo‘shnining kuniga yarab, to‘y-azada bir-birini yolg‘izlatmagan. Shu bois 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi xalqimizning asriy qadriyatlariga tayangan kelajakni barpo etish yo‘lidagi mantiqiy qadam, desak, sira ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tashabbus mahallani faqat ma’muriy tuzilma emas, balki inson qadri ulug‘lanadigan, muammolar joyida hal etiladigan ijtimoiy institutga aylantirishga qaratilgan. Prezident ta’biri bilan aytganda, mahalla tinch bo‘lsa — jamiyat tinch bo‘ladi. Bu xalq tafakkuridan kelib chiqqan, hayot sinovlarida toblangan haqiqatdir.
Murojaatnomada ma’naviyat, tarbiya va ijtimoiy birdamlik masalalariga keng o‘rin berilgani alohida e’tiborga loyiq. Chunki iqtisodiyot qanchalik rivojlanmasin, jamiyatda o‘zaro hurmat, adolat va ma’naviy ustunlik bo‘lmasa, barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar, sog‘lom e’tiqod va ilmga asoslangan yondashuvlar jamiyat barqarorligining muhim kafolati sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bu o‘rinda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oldida turgan vazifalar ham yanada oydinlashadi. Markazimiz o‘tayotgan yilda o‘z faoliyatini aynan davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlar — ma’rifat, bag‘rikenglik, sog‘lom e’tiqod va jamiyat tinchligini mustahkamlash maqsadlariga muvofiq tarzda olib bordi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi”ni jamoatchilikka yetkazish maqsadida mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq davra suhbatlari, xalqaro taqdimotlar, ma’ruzalar va mediamateriallar tashkil etildi. “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida mahallalar, ta’lim muassasalari va tashkilotlarda o‘tkazilgan yuzlab tadbirlarda o‘n minglab fuqarolar qamrab olindi. Bu ishlarda asosiy e’tibor odamlar bilan yuzma-yuz muloqotga, tushuntirish va ishontirishga qaratildi .
Olib borilgan ilmiy tahlil va monitoring natijalari esa muhim bir xulosani namoyon qildi: yurtimizda dunyoviy davlat tamoyillari, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalari xalq ongida mustahkam qaror topgan. Radikalizm va ekstremizmga qarshi mafkuraviy immunitet izchil shakllanmoqda, huquqiy savodxonlik darajasi oshib bormoqda. Bu esa ma’naviy islohotlar samara bermayotgani haqidagi asossiz da’volarga hayotning o‘zi bergan javobdir.
Ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida erishilgan natijalar ham alohida qayd etishga arziydi. Imom Buxoriy merosiga oid qator asarlar ilk bor tarjima qilinib, nashr etildi, o‘nlab kitob va risolalar xalqchil uslubda tayyorlanib, keng jamoatchilikka taqdim qilindi. Yuzlab ilmiy maqolalar, ma’ruzalar va tahliliy materiallar orqali sog‘lom diniy-ma’rifiy pozitsiya mustahkamlandi.
Markaz faoliyatining xalqaro yo‘nalishdagi natijalari esa O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlarga qiziqish jahon miqyosida ortib borayotganini ko‘rsatadi. Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Jazoir kabi davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, xalqaro konferensiya va seminarlar o‘tkazildi. Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi doirasida xorijiy tadqiqotchilar Markazda ilmiy amaliyot o‘tayotgani esa bu muassasaning jahon ilmiy maydonida tutgan o‘rni mustahkamlanayotganidan dalolatdir.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada mahalla, jamiyat va inson qadri masalalariga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Chunki xalqimiz tajribasida tinchlik va barqarorlik avvalo yaxshi qo‘shnilik, o‘zaro hurmat va ma’naviy birdamlikdan boshlanadi. Islomiy ta’limotda ham insonning jamiyatga manfaat keltirishi eng oliy fazilatlar qatorida ulug‘lanadi. Bu g‘oyalar bugungi islohotlarning ma’naviy ildizini tashkil etadi.
Murojaatnoma bizga yana bir muhim haqiqatni eslatdi: davlat islohotlari yuqoridan tushiriladigan shiorlar emas, balki xalq bilan birga bosib o‘tiladigan yo‘ldir. Shu bois, ushbu hujjat nafaqat parlament yoki mutaxassislar uchun, balki har bir fuqaro uchun daxldor dastur sifatida qabul qilinmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida xalqimizga yanada katta ishonch, qat’iyat va birdamlik bag‘ishladi. Bu yo‘lda ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat maskanlari bo‘lgan muassasalar ham o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etgan holda, davlatimiz rahbari belgilab bergan ezgu maqsadlar yo‘lida astoydil xizmat qilishda davom etadi.
Sherzod MAMATOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining maslahatchisi.
O‘zA