Murojaatlarning eng ko‘p qismi o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash, kontrakt to‘lovi kabi masalalar bilan bog‘liq
Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 6 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,7 foizga kamaygan.
Kelib tushgan murojaatlarning 2 ming 903 tasi bevosita vazirlikda qabul qilingan, 2 ming 625 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi, 514 tasi yuqori turuvchi tashkilotlar hamda boshqa idoralar, 238 tasi Prezidentning Xalq qabulxonalari, 137 tasi prokuratura organlari va 53 tasi boshqa manbalar orqali yuborilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, murojaatlarning 80,4 foizi qanoatlantirilgan, qolganlariga qonunchilik asosida huquqiy tushuntirish berish orqali yechim topilgan. Murojaatlarning asosiy qismini o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash, qabul jarayonlari, diplom berish, kontrakt to‘lovi, talabalar bilimini baholash va yakuniy davlat attestatsiyasi kabi masalalar tashkil etdi.
Qayd etilishicha, vazirlikning Ishonch telefoni xizmatiga 24/7 rejimida intellektual maslahat berish va murojaatlarni tezkor tahlil qilish uchun sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari joriy etilmoqda. Fuqarolar va talabalar ta’lim sifatiga oid murojaat va takliflarini ortiqcha qog‘ozbozliksiz telegramdagi “Eduuz bilan muloqot” guruhi orqali yuborishlari hamda rasmiy sahifadagi “So‘ragan edingiz” rukni orqali javob olishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA