Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shofirkon tumanidagi Xalq qabulxonasiga joriy yilda avtomobil yo‘llari va ichki yo‘llarni ta’mirlash va qurish, umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari qurilishini moliyalashtirish, avtomobil yo‘llarida piyodalar yo‘lakchalarini qurish masalalarida jami 62 ta murojaat kelib tushgan.
–2019-2020 yillarda bir necha marotaba, ko‘cha aholisini nomidan murojaat qilib, Navro‘z ko‘chasida ichimlik suv quvurlari o‘tkazilgandan so‘ng yo‘llar chang bo‘layotgani, ushbu chang yo‘llarga suv sepish yoki ta’mirlab, asfaltlashtirish, ko‘chani yoritish chiroqlarini ta’mirlash va yoqish masalalarida yordam so‘ragandim, – deydi tumanning Qalmaqon MFY Navro‘z ko‘chasida yashovchi fuqaro Zamira Qodirova. – Murojaatim Davlat dasturi asosida bajarilishi bo‘yicha tushuntirish berildi. Natijada 2021 yilning ikkinchi yarmida dasturga kiritilib, hozirgi kunda ko‘cha asfaltlashtirildi. Ko‘chada yoritish chiroqlari ta’mirlanib doimiy ishlashi ta’minlandi. Shuningdek ushbu yo‘lga tutashgan Qalmaqon MFY Navro‘z ko‘chasidagi 4K-147 avtomobil yo‘lining 16 kilometrida 1 kilometr 440 metr masofada “ABZ PLYUS DB INVEST” qo‘shma korxonasi tomonidan 1 RP-beton to‘siqlar qo‘yildi. Yo‘lning qarama-qarshi harakat yo‘nalishi ajratildi. Ayni kunda asfaltlashtirish ishlari davom etmoqda.
[gallery-5270]
–Xalq qabulxonasiga xuddi shunga o‘xshash masalalarda murojaatlar kelib tushgan taqdirda tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shofirkon tumanidagi Xalq qabulxonasi mutaxassisi Sobir Normurodov. – Soha xodimlariga murojaatni o‘rganish bilan bir qatorda aholiga tegishli tushuntirishlar berish va navbatdagi dasturga kiritish choralarini ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berib borilmoqda.
Xalq qabulxonasiga ayni kunga qadar kelib tushgan 1 ming 505 ta murojaatning 1 ming 336 tasi nazoratga qoldirilgan. Murojaatlarning 1 ming 101 tasi ya’ni 84,37 foizi ijobiy hal etilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA