Murojaatlar samarasi amaliy natijalarda namoyon bo‘lmoqda
Sirdaryo viloyatida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda asosiy e’tibor ularning sonini kamaytirishga emas, ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida va qonuniy hal etishga qaratilmoqda. Joriy yilning 8 oyida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 22 683 ta murojaatning 9 950 tasi ijobiy hal etildi.
8 934 ta murojaat huquqiy tushuntirish berish orqali qanoatlantirilgan bo‘lsa, 873 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berilgan. 224 ta murojaatning ko‘rib chiqilishi yakunlangan, 204 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan. Ayni paytda 1 271 ta murojaat o‘rganilmoqda.
Murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga kamaygan. Biroq bu ko‘rsatkichning o‘zi faoliyat samaradorligini belgilab bermaydi. Asosiy mezon — fuqaro ko‘targan masalaning qanchalik chuqur o‘rganilgani, qonuniy yechim topgani va buning natijasida uning hayotida qanday amaliy o‘zgarish yuz berganidir.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Dilshunos Abdullayeva ishtirokida «Fuqarolar murojaatlarini tezkor va natijador ko‘rib chiqish tartibi» mavzusida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalar ham turlicha. Xususan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar nafaqasi va moddiy yordam, aliment undirish, davolanish yoki jarrohlik amaliyoti uchun ko‘mak, ish bilan ta’minlash kabi ijtimoiy masalalar salmoqli o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, ichki yo‘llarni asfaltlash va shag‘allashtirish, maishiy chiqindilarni olib ketish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ichimlik suvi uchun to‘lovlar, qarzdorlik va qayta hisob-kitob, elektr ta’minoti, uy-joy sharoitini yaxshilash kabi masalalar ham fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolar qatorida. Ularning har biri ortida muayyan inson, oila va kundalik hayot bilan bog‘liq muammo turgani murojaatlarni ko‘rib chiqishda alohida mas’uliyatni talab etadi. Shu bois murojaatlar sonining kamayishi bilan bir qatorda, ularda ko‘tarilayotgan masalalarni chuqur tahlil qilish, muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlash va takroriy murojaatlarning oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bir masala yuzasidan takroriy murojaatning kelib tushishi muammo yuzaki hal etilgani yoki uni keltirib chiqarayotgan sabablar bartaraf etilmaganini ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, murojaatga berilgan javobning o‘zi emas, uning ortidan qanday amaliy natija kelgani muhim. Xalq qabulxonasi faoliyatida ham ana shu yondashuv ustuvor. Murojaatni qabul qilish va uni tegishli tashkilotga yo‘naltirish — jarayonning dastlabki bosqichi. Keyingi jarayonda mas’ullar belgilanadi, ijro muddatlari nazorat qilinadi, zarur hollarda masala joyiga chiqqan holda o‘rganiladi va yakuniy natija baholanadi.
Ayniqsa, aholi hayotiga bevosita ta’sir qiladigan masalalarda qog‘ozdagi javob bilan cheklanish kutilgan natijani bermaydi. Muammoni joyiga chiqqan holda o‘rganish, mas’ul mutasaddilarni jalb etish va aniq choralarni belgilash uning samarali yechimini ta’minlashga xizmat qiladi.
— Bugun fuqaroning davlat organlariga bo‘lgan ishonchi, avvalo, uning murojaatiga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi. Har bir murojaat ortida insonning muammosi, uning oilasi va kundalik hayoti turganini unutmasligimiz lozim. Biz uchun asosiy natija murojaatlar sonining kamayishi emas, balki ko‘tarilgan masalalarning o‘z vaqtida va qonuniy hal etilishi, fuqarolarning roziligi hamda murojaat qilishga sabab bo‘layotgan tizimli muammolarning bartaraf etilishidir, — dedi Dilshunos Abdullayeva.
Darhaqiqat, murojaatga munosabat — insonga munosabat. Shu bois murojaatlarni qabul qilishdan tortib, mas’ullarga yo‘naltirish, ijrosini nazorat qilish va yakuniy natijani baholashga qadar bo‘lgan har bir bosqichda mas’uliyat va natijadorlik muhim.
Murojaatning haqiqiy samarasi berilgan javobda emas, inson hayotida yuz bergan amaliy o‘zgarishda namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri