Murojaatga yechim topish farovonlikka eltadi
Arnasoyda Jizzax viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Muxtorovaning viloyatning eng chekka, og‘ir hududlaridan biri bo‘lgan tumanda sayyor qabuli tashkil etildi.
Unda tuman hokimi, sektor rahbarlari, viloyat tashkilot va boshqarma mas’ul xodimlari, fuqarolar ishtirok etdi.
Sayyor qabul jarayonida bandlik, subsidiya, bank kredit mablag‘lari ajratish, o‘zini o‘zi band qilishi uchun zarur mehnat qurollari bilan ta’minlash, uy joy, kadastr hujjatlaridagi muammolar, davolanish uchun moddiy yordam, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr ta’minotidagi uzilishlar va boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar qabul qilindi.
– Men “Ayollar daftari” ro‘yxatida turaman, 2-guruh nogironiman, o‘g‘lim, kelinim va 1 nafar nabiram bilan birga “Yangi Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashayman, turmush o‘rtog‘im vafot etgan, – deydi Arnasoy tumanida istiqomat qiluvchi Xonim Rahmonova. – MFY raisi men kabi beva-bechoralarning holidan tez-tez xabar olib turadi. O‘zimga tikuv mashinasi, kelinimga ekin maydonimizga suv chiqmasligini hisobga olib, uni sug‘orish uchun suv nasosi bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘ragandim. Menga shu yerning o‘zida, bugungi sayyor qabulda suv nasosi va tikuv mashinasini subsidiya mablag‘lari hisobiga berishdi. Endi kelinim bilan tomorqada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va tikuv-bichuv bilan shug‘ullanib, o‘zimizni o‘zimiz band qiladigan bo‘ldik.
– Toshkent davlat san’at va madaniyat institutida o‘qiyman, – deydi Ma’rifat Mahmudjonova. – Prezidentimizning qarori bilan 1 kursdagi kontrakt to‘lovim tuman hokimligi mahalliy byudjeti hisobidan to‘lab berilgan edi. Mana 2-kursni bitirdim, ammo bu bosqich uchun kontrakt to‘lovi hali to‘lanmadi. To‘lovlarni to‘lashda tushunmovchiliklar bo‘ldi. Sayyor qabulga shu masalada kelgandim. Qisqa fursatlarda ushbu muammoni hal qilib berishga va’da berishdi.
Sayyor qabulda 80 nafar fuqaro ishtirok etdi. Asosiy murojaatlar esa 24 ta bo‘lib, 4 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. 10 ta murojaatchiga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi, qolgan murojaatlar ijro uchun yo‘naltirilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA