Murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga 1983 yilda tug‘ilgan, ikkinchi guruh nogironi Tamara Xudoyqulova og‘ir ahvolda olib kelindi.
Bemor ikki yildirki, o‘zini betob hisoblar, kasalligini “COVID-19” ni asoroti deb bilgan. Unda yurak siqishi va tez urishi, hansirash kuchayishi, to‘satdan hushidan ketish holatlar paydo bo‘lgan.

Davolanganiga qaramasdan, oxirgi 10 kunda sog‘lig‘i og‘irlashib, tez yordamda shifokor nazoratida shoshilinch tibbiy muassasaga olib kelingan va shok palatasiga joylashtirilgan. Hayoti xavf ostida qolgan bemorga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida zudlik bilan filial direktori Tohir Musayev, intervension kardiologi Shuhrat Salohitdinov va boshqa mutaxassislar ishtirokida konsilium o‘tkazildi.
– Tekshiruvlardan keyin bemorda 32 marotaba yurak qorinchalari fibrillyatsiyasi, ya’ni yurak titrashi kuzatilgani aniqlandi, – deydi intervension kardiologi Shuhrat Salohitdinov. – Barcha xurujlar defibrillyator orqali tiklansada, takrorlangan xurujlar to‘liq atrioventrikulyar blokada yoki ilmiy tilda aytsak, Morgani Adams Stoks sindromi kuzatilishiga sabab bo‘lgan.

Kuni kecha jarrohlik amaliyoti puxta tayyorgarlik va yuqori saviyada o‘tkazildi. Bemor hayoti saqlab qolindi. Operatsiya jarayonida bir necha marta yurak qorinchalari xurujlari kuzatilgan va bartaraf etilgan. Bugun bemor kuzatish va davolash uchun reanimatsiyaga ko‘chirildi. Uning umumiy ahvoli nisbatan barqaror. Mutaxassislar bemor umumiy ahvolini ko‘zdan kechirib, uning yurak sohasiga doimiy kardioverter-defibrillyator apparati o‘rnatishga qaror qilindi.
– Mahalliy og‘riqsizlantirish ostida viloyatda ilk marotaba bunday jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi, – deydi intervension kardiologi Shuhrat Salohitdinov. – Hozirda bemorning umumiy ahvoli yaxshilanib, elektrokardiogrammada doimiy elektrokardiostimulyator ritmi kuzatilmoqda.
Mutaxassislarning bildirishicha, Tamara Xudoyqulovaning yurak qisqarishlari soni har daqiqasiga 70 martani tashkil qilmoqda. Bu me’yoriy ritm deganidir. E’tiborlisi, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Salomatlik kunlari” ijtimoiy aksiyasi doirasida amalga oshirilgan bu jarrohlik amaliyotida bemor ayolga 85 million so‘mlik kardioverter-defibrillyator uskunasi bepul berildi.

Shu kunga qadar viloyatda yurak xastaliklari bilan og‘rigan bemorlar Respublika poytaxtiga yoki tibbiyot rivojlangan chet ellarga qatnab, dardlariga davo izlagan bo‘lsa, endilikda bunga hojat yo‘q. Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish dasturlari samarasi o‘laroq, nisbatan og‘ir dardga chalingan yoki doimiy davolanish kurslarini olishga majbur bemorlar o‘z ona yurtida shifo topish baxtiga erishmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA