Muqobili yo‘q ne’mat
Er yuzining 70 foizi suv bilan qoplangan bo‘lishiga qaramay, ichimlik suvi zaxiralari bor-yo‘g‘i 2,5 foizni tashkil qiladi. Shuning 70 foizi qutb muzliklarida to‘plangan, yana katta qismi chuqur yer osti qatlamlarida joylashgan. Inson ichimlik suvi manbalarining faqat bir foizidangina foydalanishi mumkin.
Er yuzining 70 foizi suv bilan qoplangan bo‘lishiga qaramay, ichimlik suvi zaxiralari bor-yo‘g‘i 2,5 foizni tashkil qiladi. Shuning 70 foizi qutb muzliklarida to‘plangan, yana katta qismi chuqur yer osti qatlamlarida joylashgan. Inson ichimlik suvi manbalarining faqat bir foizidangina foydalanishi mumkin.Statistik ma’lumotlarga qaraganda, odam kundalik ehtiyoji uchun o‘rtacha 100 litr suv ishlatadi. Bu ko‘rsatkich shaharlarda 140 litrni, qishloqlarda 80 litrni tashkil etadi.
Aholining kommunal-maishiy sharoiti yaxshilanayotgani, megapolislar vujudga kelishi tobora tezlashayotgani ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda dunyoning eng yirik shaharlarida kishi boshiga kunlik suv sarfi 350-600 litrni tashkil etayotgani shundan dalolatdir.
G‘uboringni oluvchi yordamga muhtoj
Odatda kir bo‘lgan buyumni suv bilan yuvib tozalaymiz. Ammo suvning o‘zi tozalashga muhtoj bo‘lsa-chi? Insoniyatning maqsadsiz, o‘ylamay-netmay foydalanishi oqibatida obihayotning ifloslanish darajasi tobora ortmoqda.
“World Watch” jurnalida chop etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ichimlik suvining qoniqarli darajada toza emasligi 80 foiz kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Misol uchun, Afrika davlatlarida har yili 25 million kishining yuqumli kasalliklardan vafot etishiga ham aynan shu omil ko‘rsatilmoqda. Shaharlarda toza suv ta’minoti yomonlashuvi yoki nazoratning sustlashuvi yana ko‘plab fojialarni keltirib chiqarishi mumkin.
O‘zbekistonda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Mustaqillik yillarida markazlashgan tarmoqqa ulangan ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar aholisiga bir kecha-kunduzda 6,4 million kub metrdan ortiq obihayot yetkazib berilmoqda.
– Ayni vaqtda mazkur tizim bo‘yicha yetarlicha huquqiy asoslar yaratilgan, – deydi “O‘zkommunxizmat” agentligi direktori o‘rinbosari Olimjon Ahmedov. – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 8-apreldagi “Davlat sanitariya nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2000-yilda tasdiqlangan ichimlik suvi sifatini nazorat qilish to‘g‘risidagi davlat standarti kabi hujjatlar buning dalilidir.
Agentlik tarkibiga Tuyamo‘yin – Nukus, Tuyamo‘yin – Urganch, Damxo‘ja va Zomin tumanlararo suv quvurlari, Chimyon – Chorvoq dam olish hududining magistral suv quvurlari kiradi.
Obihayot daryolar, buloq hamda quduqlardan olinib, bir necha bosqichda tozalanadi. Suv birinchi bosqichda mexanik usulda tozalanib, unda ortiqcha narsalar ushlab qolinadi. So‘ng “Suvoqova” tizimidagi kanallar orqali birlamchi tindirgichlarga uzatiladi. Bu jarayonda suvdagi noorganik moddalar qariyb 40 foizgacha tozalanadi. Biologik tozalash bo‘limida yirik aerotexnikalar yordamida obihayot yana tindiriladi. Havo haydash bo‘limida atmosferadagi havo so‘rilib, quvurlarga taqsimlanadi. Bunda suvdagi mavjud organik moddalar nordonlashtirib, tozalanadi. Shundan keyin suv ikkilamchi tindirgichlarga uzatilib, u yerda suv loyqasi tindirilgach, xlorlash uchun boshqa quvurga o‘tkaziladi.
Suv chiqarish inshootlarining kimyoviy-bakteriologik laboratoriyasi kechayu kunduz faoliyat yuritadi. Bunda suvdan har uch soatda namunalar olinib, tahlil qilinadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi suv boshqarmalarida ham laboratoriyalar mavjud bo‘lib, hududlardagi obyektlar, misol uchun, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, bozorlardagi suvning nazorat tahlili bilan shug‘ullanadi.
Ha, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish katta mehnat va murakkab jarayonni talab etadi. Uning ekologik nuqtai nazardan toza bo‘lishi va har bir shaxs undan oqilona foydalanishga intilishi insoniyatning uzoq umr ko‘rishi va farovon hayot kechirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Islohotlar zamirida – inson manfaatlari
Mamlakatimizda fuqarolarni, xususan, qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rish mumkin. 2014-yilda 24 loyiha ro‘yobga chiqarilib, 25 mahalla va ovulda yashovchi 16 mingga yaqin aholi markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi. Bundan tashqari, “Qoraqalpog‘iston Respublikasini ichimlik suvi bilan ta’minlash va rekonstruksiyalashning 2020-yilgacha bo‘lgan strategiyasi”ga muvofiq Mang‘it, Chimboy, Bo‘ston shaharlari hamda Qanliko‘l tumani markazida 15,7 kilometrlik obihayot tarmoqlari qurib bitkaziladi. Ayni vaqtda Nukus shahridagi 25 ko‘p qavatli uy, “Do‘stlik” kanali bo‘yida barpo etilayotgan ijtimoiy soha obyektlari, Beruniy tumani markazidagi Xalqlar do‘stligi hamda Beruniy ko‘chalarini ichimlik va oqova suv bilan ta’minlash yumushlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 25-fevraldagi “Respublika aholi punktlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorimarkazlashtirilgan ichimlik suvi ta’minoti bo‘lmagan tog‘li va cho‘l hududlarga ichimlik suvi yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, ichimlik suvi tizimidagi korxonalarga yetti yillik muddatga yetti foizli lizing asosida suv tashishga mo‘ljallangan 483 texnika ajratildi. Ular markazlashtirilgan ichimlik suvi yetkazib berish qiyin bo‘lgan uzoq aholi punktlariga reja asosida obihayotetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.
Qishloq tumanlari va shaharlar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, mazkur yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun har yili davlat dasturlari doirasida byudjet mablag‘lari hisobidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 2015-2019-yillarda markazlashgan kapital mablag‘lar hisobidan hududlarda yangi tarmoqlar, ichimlik suvi inshootlarini qurish va rekonstruksiyalash bo‘yicha432,8 million dollarlik loyihalarni ro‘yobga chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu 500 mingga yaqin aholi xonadonida ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilanib, ularning turmush darajasi yuksalishiga imkon yaratadi.
Chet el investitsiyasi hisobidan joylarda suv ta’minotini yaxshilash ham doimiy e’tiborda.
Mamlakatimiz Xalqaro irrigatsiya va drenaj milliy qo‘mitasi, Butunjahon suv kengashi, Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiya va boshqa qator xalqaro tashkilotlar a’zosidir. Ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishning 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan rejasi asosida o‘ttizdan ziyod loyihaga xalqaro moliya institutlarining 817,7 million dollar mablag‘i jalb etilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, dastlab bir nechta viloyatning suv inshootlari, quvurlari va tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi, yangilari quriladi. Sirdaryo viloyatining beshta tuman markazi va qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, Buxoro va Samarqand viloyatlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish borasida Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan loyihalar shular sirasidandir.
Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Qo‘qon va Andijon shaharlari suv ta’minoti va kanalizatsiyasi tizimlari hamda Farg‘ona, Marg‘ilon va Rishton shaharlari suv ta’minoti tizimlarini qayta tiklash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, mazkur shaharlarda 55 kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 68 suv qudug‘i va 4 suv inshooti ta’mirlanadi. Iste’molchilarga ichimlik suvi ekologik jihatdan toza va salomatlik uchun zararsiz holda, polietilen quvurlar orqali yetkazib beriladi.
Muqobili yo‘q ne’mat
Tabiatda ko‘pgina ne’matlarning muqobili bor. Vujudimiz turli vitaminlarga to‘yinishi uchun bir ne’mat o‘rniga boshqasini iste’mol qilishimiz mumkin. Suv barcha tirik jon uchun muqobili yo‘q, bebaho ne’matdir.
Azaldan ota-bobolarimiz suvni e’zozlagan, uning isrof bo‘lishiga qarshi kurashgan. “Suvga tupurma, gunohga botasan”, “Suv – tiriklik manbai” kabi ibratli so‘zlar el orasida mashhur.
Mamlakatimizda aholiga arzon va sifatli suv yetkazib berish maqsadida mazkur soha tashkilotlari er, mulk va qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilingan. Bu ichimlik suvi narxining juda yuqori darajada oshmasligini ta’minlaydi. Ammo bozor iqtisodiyotining o‘ziga xos tartib-qoidalari bor. Xarid qilingan har bir buyum uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish shart. Zero, hisobsiz narsaning qadri ham bo‘lmaydi. Ana shuning uchun ham suv hisobini yuritishda hisoblagichlarning o‘rnatilishi muhim ahamiyatga ega. Xonadonlarda hisoblagichlarni o‘rnatishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6noyabrdagi “Respublikaning issiqlik va suv ta’minoti tashkilotlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘layotir.
Suvning serobligi va sifati iste’molchilarning to‘lov madaniyati hamda tejamkorligiga ham bog‘liq. Obihayotning qadriga yetib, undan oqilona foydalanish hayotimiz sifati, turmushimiz obodligini yanada oshiradi. Buni har birimiz hech qachon unutmaylik.