Muqobil energiya qulay va arzon
Andijonda quyosh panellaridan foydalanish va uning samaradorligi, energiya tejovchi resurslar natijadorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyot tarmoqlari, aholining elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan talabini qondirishda muqobil energiya resurslaridan, xususan, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, korxona va tashkilotlarda muqobil energiya resurslaridan foydalanishni ko‘paytirish yuzasidan topshiriq va vazifalar berilgan edi.
[gallery-9823]
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, sektor hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda viloyatda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, mazkur manbalarni “Yashil kredit” yo‘nalishi asosida aholi xonadonlariga o‘rnatish yuzasidan ishlab chiqilgan reja va chora-tadbirlar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Belgilangan chora-tadbirlarga ko‘ra, viloyatda har bir xonadonga energiya sarfidan kelib chiqib, zarur hajmdagi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– bugungi kunda muqobil energiya resurslaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish dolzarb masalalardan biridir, – deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Ushbu jarayon elektr energiyasiga nisbatan ortib borayotgan talabni qondirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz energiya bilan ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi. Qolaversa, ekologiya musaffoligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda viloyatdagi qator korxona, tashkilot va muassasalarda quyosh panelli hamda energiya ishlab chiqaruvchi boshqa muqobil energiya uskunalari o‘rnatilayotganligi qayd etildi. Yig‘ilishda muqobil energiya ishlab chiqaruvchi uskunalar “Yashil kredit” yo‘nalishi asosida 5 yilgacha muddatga, 6 oy imtiyozli davr bilan berilishi aytib o‘tildi. Bunday manbalarni ko‘p qavatli uylarga umumiy tarzda o‘rnatish yo‘lga qo‘yilishi belgilab qo‘yildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),