Barchamiz orziqib kutuvchi muqaddas Ramazon oyi ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-saxovat, diyonat ayyomi sanaladi. Bugungi kunda kuzatilayotgan sinovli vaziyat Ramazon oyida ham oʻziga xos yondashuvni talab etmoqda.
Barchamiz orziqib kutuvchi muqaddas Ramazon oyi ezgulik, mehr-muruvvat, xayr-saxovat, diyonat ayyomi sanaladi. Bugungi kunda kuzatilayotgan sinovli vaziyat Ramazon oyida ham oʻziga xos yondashuvni talab etmoqda.
OʻzA muxbiri Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon ISHMATBEKOV bilan shu haqda suhbatlashdi.
– Dastlab, Ramazon oyi qachon boshlanishi haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
– Bismillahir rohmanir rohim. Ramazoni sharif oyi hadisi sharifga binoan hilolning koʻrinishi bilan boshlanadi. Shu kunlarda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ramazon oyi hilolining koʻrinishi qaysi kunga toʻgʻri kelishini aniqlash borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, bu borada Abu Rayhon Beruniy nomidagi Astronomiya instituti mutaxassislari bilan hamkorlik qilinmoqda. Qolaversa, xorijiy va qoʻshni davlatlar diniy idoralarining ushbu masala yuzasidan fikrlari oʻrganilmoqda. Xususan, qoʻshni Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikalari diniy idoralari masʼullari bilan aynan shu masalada videomuloqot tashkil qildik. Inshaalloh, yaqin kunlarda 2020-yilgi Ramazon oyining qaysi kuni boshlanishi eʼlon qilinadi.
– Maʼlumki, yoshu qari roʻza tutishni niyat qiladi. Karantin paytida esa immunitetni tushirib yubormaslik, tez-tez qoʻlni yuvib, baʼzan ogʻiz chayib turish kerakligi haqida aytilmoqda. Bunday vaziyatlarda tavsiyalar, aynan karantin bilan bogʻliq sharoitda roʻza tuta olmagan kishilar nima qiladi?
– Alloh taolo bandaga uning toqati yetmaydigan narsalarni yuklamaydi. Roʻza ibodatida ham xuddi shunday yengilliklar mavjuddir. Alloh taolo roʻza tutishga quvvati yetmaydigan toifadagi insonlarga roʻza tutmaslikka ruxsat bergan. Ular – roʻza tutishga yaramaydigan qariyalar, surunkali kasallar, sogʻayishi umid qilinmaydigan kasallar. Bu toifadagilar har bir kun uchun fidya toʻlaydilar. Mazkur toifadan tashqari, homilador va emizikli ayollar agar roʻza tutish oʻzi va bolasiga zarar boʻlsa, shuningdek, musofirlar shu kunlarda tutmasligi mumkin. Bu toifadagilar keyinchalik kuniga kun roʻzaning qazosini tutib beradilar.
Hozirgi kunda butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi sababli roʻza tutishda quyidagi maʼlumotlarni taqdim etamiz. Buni Misr fatvo hayʼati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qildi.
Koronavirus kasaliga chalinmagan, roʻza tutish shartlari toʻliq topilgan sogʻlom kishilar roʻza tutishlari farzdir. Chunki roʻza ayrimlar oʻylaganidek immunitetni kamaytirmaydi, aksincha, immunitetni kuchaytiradi.
Virusni yuqtirgan bemorlarga kelsak, agar (diyonatli, adolatli, bu borada chuqur bilimga ega) shifokorlar roʻza bu bemorlarga zarar qiladi, desalar, bu holatda bemor oʻzining hayotini saqlab qolish uchun shifokor buyrugʻiga boʻysunishi lozim boʻladi. Chunki bunday holatda inson hayotini saqlab qolish roʻzadan muqaddam turadi.
Virusga chalinmaslik uchun tavsiya qilinayotgan “tez-tez qoʻlni sovunlab yuvish, antiseptik vositalar bilan qoʻllarni tozalash kerakligi” roʻzaga taʼsiri yoʻq, yaʼni bu ishlar bilan roʻza ochilmaydi. Ogʻizni chayib turish esa agar suv ogʻiz ichiga oʻtib ketmasa, u ham roʻzani ochmaydi.
– Xalqimiz saxovatli, ayniqsa, roʻza kunlarida ehson qilgisi keladi. Bu yilgi zakot, fitr va fidya sadaqalari miqdori aniqmi?
– Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati 1 gramm tilloning bugungi kundagi oʻrtacha narxi 250 ming soʻm ekanini eʼtiborga olib, milodiy 2020-yil (hijriy 1441-yil) uchun ZAKOT nisobini (85 gramm tillo) 21 million 250 ming soʻm deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), yaʼni 531 ming 250 soʻmga teng boʻladi.
Shunga koʻra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 million 250 ming soʻmdan ortiq mablagʻga ega boʻlgan kishi, jami mablagʻining qirqdan birini zakot sifatida kambagʻal va faqirlarga beradi.
Fitr miqdoriga kelsak, maʼlumki, fitr sadaqasi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan toʻrt narsadan chiqariladi. Ular bugʻdoydan yarim soʼ yoki arpadan bir soʼ, yoxud mayizdan yarim soʼ, xurmodan bir soʼdir. Bir soʼ taqriban (≈) 4 kilogrammdir. Ayni paytda, mazkur narsalarning narxlari oʻrganilmoqda. Tez kunda soʻmdagi miqdori bayon qilinadi.
Fidya miqdori haqida toʻxtaladigan boʻlsak, uning miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida boʻlib, uning soʻmdagi qiymati fitr miqdori aniq boʻlishi bilan maʼlum boʻladi.
– Ramazon ehsonini xayriya markazlariga berish haqida aytilmoqda. Buning tartibi qanday boʻladi. Taqsimoti qanaqa boʻladi? Kimlarga beriladi, alohida yigʻiladimi?
– Zakot – Islomning beshta asosiy ustunlaridan uchinchisidir. Mol-mulki shariat belgilab qoʻygan maʼlum miqdorga, yaʼni nisobga yetgan musulmon kishi hijriy-qamariy bir yil oʻtishi bilan asliy hojatlaridan ortiqcha mablagʻining qirqdan bir qismini, yaʼni 2,5 foizini sharʼan belgilangan joylarga berishi farzi ayndir.
Zakotning sharti ikkitadir. Birinchisi – zakot oluvchiga zakotni mulk qilib berish, yaʼni oʻsha berilayotgan mol-mulk oluvchining moli boʻlmaguncha zakot ado boʻlmaydi. Shuning uchun ham zakotni koʻprik, yoʻl, suv ombori kabi koʻpchilik foydalanadigan narsalarga sarflanmaydi. Ikkinchisi esa – zakot miqdorini molidan ajratish paytida yoki faqirga berishda zakot, deb niyat qilishdir.
Zakot kimga berilishi haqida Qurʼoni karimda ochiq bayon qilingan boʻlib, jumladan, shunday deyiladi: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul toʻlab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yoʻlida hamda yoʻlovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 60-oyat).
Demak, zakot beriladigan sakkiz toifa insonlar bor. Bular faqir – moli nisobga yetmagan shaxs, miskin – hech narsasi yoʻq kishi, zakot yigʻish ishida band boʻlganlar, dillari Islomga oshno qilinuvchi gʻayri dinlar, mukotab qullar. Shuningdek, agar zimmasidagi qarzini bersa, puli nisobdan kamayib qoladigan qarzdor kishi, Alloh yoʻlida yurganlar (bunda asosan muhtoj boʻlib qolgan hojilar tushuniladi), yoʻlda qolganlar (moli boru oʻzi bilan birga emas) ham shu toifaga kiradi.
Yuqorida sanab oʻtilganlardan ikki toifasi: “dillari Islomga oshno qilinuvchilar” va “mukotab qullar” bugungi kunda mavjud boʻlmaganligi uchun zakot beriladiganlar qatoridan chiqarilgan.
Zakotni vakil orqali ham muhtojlarga berish mumkin. Paygʻambar alayhissalom davrlarida va undan keyingi paytlarda zakot yigʻish ishida band boʻlgan muxsus kishilar tayinlanar, mulkdor moʻmin-musulmonlar oʻsha zakot mollari yigʻilib, muhtoj oilalarga tarqatilar edi. Hozirgi kunda ham koʻplab xayriya markazlari tashkil etilgan boʻlib, jamiyatdagi muhtoj qatlamni qoʻllab-quvvatlab kelishmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining qoshida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgan. Ushbu xayriya jamoat fondi zakot va fitr sadaqalarni yigʻish va oʻz egalariga topshirishni ayni shariatimiz koʻrsatmalariga muvofiq amalga oshirmoqdalar. Shuningdek, hozirda moʻmin-musulmonlarimiz boshqa xayriya markazlarini vakil qilish orqali ham zakotlarni ado etishlari mumkin. Bunda, oʻsha xayriya markazlari zakot sifatida jamgʻarilgan mablagʻlarga alohida hisobga olishlari va yuqorida sanab oʻtilgan zakot berish mumkin boʻlgan qatlamgagina taqdim etishlari lozim boʻladi.
– Karantin davrida Ramazon hayiti namozi qanday oʻqiladi?
– Karantin paytida Ramazon hayitini oʻqish musulmonlar zimmasidan soqit boʻladi. Uni uyda jamoat boʻlib ham, yolgʻiz holda ham ado qilinmaydi. Chunki Ramazon hayitining ado qilinish va durust boʻlish shartlari juma namozining shartlari kabidir. Karantin paytida juma namozini ado qilish shartlari topilmaydi.
Maʼlumki, virusli kasalliklar epidemiyasi sababli karantin eʼlon qilinsa, moʻmin-musulmonlarning jonini salomat saqlash uchun dinimizdagi jamoaviy ibodatlarning hukmi oʻzgaradi. Yaʼni, jamoat boʻlib ibodat qilish kasallik tarqalishiga sharoit yaratgani uchun, har bir musulmon oʻz uyida oila aʼzolari bilan ibodatlarni ado qiladi. Yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyidagi Taroveh namozi sunnat namozlaridan boʻlgani sababli, uni ham uyda ado qilinadi.
Jamoaviy ibodatlar ichida juma namozi ado qilishning oʻziga xos hukmlari boʻlib, uni uyda oʻqishning iloji yoʻq. Shuning uchun juma namozi oʻrniga odatdagidek peshin namozi oʻqiladi. Ikki iyd namozning ado qilinish va durust boʻlish shartlari ham xuddi juma namoziniki kabidir.
Karantin holatida iyd namozi oʻqilmasada, hayit kunlari qilinadigan boshqa savobli amallar bor. Iydi Ramazon kechasi ham muborak kechalardan hisoblanadi. Bu kechani ibodat, zikru tasbeh bilan oʻtkazish maqsadga muvofiq. Iyd kuni poklanish, xushboʻylanish, yangi toza kiyimlarni kiyish, eng asosiysi xursandchiligini izhor qilish sunnatdir. Hayit kuni quyosh chiqqandan keyin Zuho, Choshtgoh kabi nafl namozlarni ado qilib, Alloh taolodan ofiyat va hojatlarini soʻrash chiroyli amallardan.
Hozirgi sharoitda barchamiz ittifoq boʻlib, shariatimiz koʻrsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan goʻzal suratda oʻtishga harakat qilishimiz lozimdir. Nafl ibodatlar, tilovati Qurʼon, duo-tasbehlar, qiyin sharoitda qolganlarga xayru ehson qilish kabi Alloh taologa xush keladigan amallarni koʻpaytirish, ayni muddao. Boshimizga kelgan sinovni ham savob ishlash uchun gʻanimat fursatga aylantiraylik. Shoyadki, Alloh taolo tez kunlarda fazilatli, katta jamoatlarda namozlarni ado qilishni nasib aylasa, xalqimizga xotirjamlikni qaytarsa. Alloh taolo dunyo xalqlari, jumladan, xalqimizdan ushbu balo-ofatlarni uzoq qilsin! Omin!
– Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!
OʻzA muxbiri
Nazokat USMONOVA
suhbatlashdi.