Muqaddas haj safaridan qaytishdi
Muqaddas Haj ziyoratini ado etib Vatanimizga qaytgan yurtdoshlarimiz Nukus xalqaro aeroportida yuksak e’htirom bilan kutib olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirda nuroniylar, mas’ul tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari, ziyoratchilarning yaqinlari ishtirok etishib, haj amallarini muvaffaqiyatli ado etib qaytgan yurtdoshlarimizni samimiy qutladilar.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda fuqarolarning ibodat va ziyoratlarni emin-erkin amalga oshirishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, haj safarlarini yuqori saviyada tashkil etish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni alohida ta’kidlashdi.
Tadbir davomida ziyoratchilarning muqaddas qadamjolarda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz ravnaqi uchun qilgan duolari e’tirof etildi. Haj safaridan qaytgan fuqarolar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, yaratilgan sharoit va ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirishdi.

Tadbirda ziyoratchilarga ezgu tilaklar bildirildi hamda ularning xonadonlariga tinchlik-osoyishtalik, baraka va fayz tilandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA