Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos...
Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmushining farovonligi, yoshlarimizning ajdodlarga munosib voris bo‘lishlari uchun ta’lim tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg‘ambarlar, shu jumladan, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar.
Bu haqda Qur’oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan)
poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum’a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.
Hadisi sharifda: «Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi», deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Bugun ustoz va murabbiylarimiz aziz farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha’biyning: «Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim», degan so‘zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim ming kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o‘qiy olmaganini bot-bot eslatib turishlari maqsadga muvofiqdir. Shundagina yurtimizdan yana Buxoriylar, Nasafiylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Termiziylar, Navoiylar yetishib chiqadi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o‘rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli, hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga duo qiladilar”(Imom Termiziy rivoyati).
Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit shogirdlari bilan ketayotgan edi. Yo‘ldan cho‘pon podani haydab o‘tib qoldi. Shunda Abu Hanifa otdan tushib, cho‘ponga salom berib, tavoze ko‘rsatdi. Cho‘pon ketgach, shogirdlari: «Ustoz, siz Kufada, Basrada dong‘i ketgan olimsiz, oddiy cho‘ponga bunchalik tavoze ko‘rsatishingizning boisi nedir?» deyishdi. Abu Hanifa: «Bu cho‘pondan hayvonlar haqida savol so‘ragandim. U menga ustozlik qilgan edi. Muallimga tavoze ko‘rsatish go‘zal fazilatdir», dedilar.
Xuddi shunday Alisher Navoiy mulozimlari bilan ketayotib, nogoh ko‘zlari yo‘l bo‘yida o‘tirgan o‘smir bolaga tushdi. Hazrat otdan tushib, bolakay salom berib, oldiga bordi va: «Bu yigitcha ustozimizning nabirasi. Biz unga e’tibor qaratib, ustoz xotiralarini shod ayladik», degan.
Islom ta’limotiga ko‘ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomaia’moliga savob to‘xtovsiz borib turadi.
Hadisi sharifda: «Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi. Faqat uch narsa tufayli (uning nomai a’moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya; foydali ilm; duoi xayr qiluvchi solih farzand» (Imom Muslim rivoyati), deyilgan.
Men o‘qituvchi va murabbiylarni vaqt bilan musobaqalashayotgan, bu jarayonga shogirdlarini ham jalb qilgan kishiga o‘xshataman. Islom tarixiga nazar solsak, vaqt bilan musobaqalashib, juda ko‘p muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan ulamolar borligiga amin bo‘lamiz. Buyuk vatandoshimiz, dunyo imom Imom Buxoriy rahmatullohi ilmga qiziqib, dunyo kezib, oltmish mingdan ziyod hadisni to‘plaganida bor-yo‘g‘i 16 yoshda edi.
Shuningdek, u zotning 63 yillik umri mobaynida ilm yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlarini, mana, oradan o‘n asrdan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Islom olamidagi butun boshli ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rganib kelyapti. Tadqiqotlar natijasida u zotning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga barcha lol qolmoqda.
O‘qituvchilik kasbi vakillari jamiyatga suv va havodek zarur. Bu muhtaram zotlarni quyoshga o‘xshatish mumkin. Quyosh nuridan barcha birday manfaat ko‘rganidek, ustozlarning ma’rifati butun bashariyatga naf keltiradi. Bejiz Abdurahmon Jomiy hazratlari:
Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,
Zulumotdan qora bo‘lardi jahon, demagan.
Muxtasar aytganda, bashariyat uchun ham, taraqqiyot uchun ham, tamaddun uchun ham faqat bir narsa kerak: bu – ilm, bilim va tafakkur. Shunday ekan, sharafli kasb egalari har qancha tahsinga sazovor.
Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi