Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining viloyat bosqichi davom etmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ya’ni mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida mahalla yoshlaridan tuzilgan jamoalar o‘rtasida sportning shashka, “Street Workout”, yengil atletika stol tennisi, voleybol, stritbol, kibersport turlari bo‘yicha musobaqalar, shuningdek, “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Munozara” intellektual o‘yinlari, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Yosh kitobxon oila”, “Mushoira” ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilmoqda.
O‘quvchi yoshlarning notiqlik san’ati, bilim va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazayotgan “Munozara” intellektual o‘yini viloyat bosqichida 16 ta tuman, shahar Yoshlar ittifoqi Sardorlar kengashi jamoalari g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Baliqchi tumani Sardorlar kengashi viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tadigan Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Qo‘lga kiritgan yutug‘imiz bizni yanada ruhlantiradi, qolaversa, zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi, – 0deydi Baliqchi tumani Sardorlar kengashi raisi Ulug‘bek Orifjonov. – Endi intellektual o‘yinning Respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga astoydil harakat qilamiz.
Bahslarda Shahrixon tumani Sardorlar kengashi jamoasiga ikkinchi, Oltinko‘l tumani Sardorlar kengashiga esa uchinchi o‘rin nasib etdi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” ning Andijon davlat universiteti Xorijiy tillar fakultetida bo‘lib o‘tgan voleybol musobaqalari qiziqarli va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Ikki – 16-21 va 22-26 yosh toifasida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etdi.
Yakunda o‘z yosh toifalari bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Marhamat tumanidagi “Ershi” va Bo‘ston tumanidagi “Bog‘i eram” mahallalari jamoalari, qizlar o‘rtasida esa Marhamat tumanidagi “Do‘stlik” hamda Baliqchi tumanidagi “Jasorat” mahallalari jamoalari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA