Munosiblarga davlat mukofotlari topshirildi
Sirdaryo viloyati hokimligi qabullar uyida 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan sohaning bir qator faollarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘z olganlar yig‘ilganlarni yurtimizda keng nishonlanayotgan Navro‘z bayrami hamda Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, ularga sharafli va mas’uliyatli faoliyatlarida kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlatimiz rahbarining bugun e’lon qilingan farmoni bilan yuksak davlat mukofotlariga loyiq ko‘rilgan Boyovut tumani “Navbahor” MFY raisi Jumaboy Rahmonqulovga “Do‘stlik” ordeni, Mirzaobod tumani “Dehqonobod” MFY “Oqila ayollar harakati” a’zosi Mahbuba Ismoilovaga “Jasorat” medali tantanali ravishda topshirildi.
–Prezidentimiz farmoni bilan ushbu davlat mukofotiga sazovor bo‘lganim zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklamoqda, – deydi "Do‘stlik" ordeni sohibi Jumaboy Rahmonqulov. –Bunday yuksak e’tibor va ishonchni oqlash uchun yanada shijoat bilan ishlashni ko‘nglimdan o‘tkazdim. Ushbu davlat mukofotini barcha sirdaryolik mahalla tizimi xodimlarining mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilaman.
Tadbirda, shuningdek, mahalla tizimida samarali mehnat qilib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan 11 nafar faollar “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan mukofotlandi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri