Munosib yashash sharoiti yaratilmoqda
Uchqo‘rg‘on tumanining qaysi mahallasiga bormang, bir xil manzara: qudratli texnikalar ichki yo‘llarni asfalt qilmoqda. Ekskavatorlar yo‘l chetini kavlab suv quvurlari tashlanyapti.
Prezident qarori asosida tumanda 32 ta loyiha amalga oshirildi. Unga ko‘ra ko‘chalarni asfaltlash, suv tarmog‘i tortish, ijtimoiy inshootlar qurish kabi ishlar bajarilib foydalanishga topshirilgan. Birinchi bosqichning o‘zida Uchqo‘rg‘on mahallalaridagi ichki yo‘llarning 20 kilometri asfaltlandi. Suv yetib bormagan mahallalarga 65 km yangi tarmoqlar tortilib xonadonlarga ulanish navi chiqarib berildi. Endi hisoblagich o‘rnatiladi-yu, xovliga kiritiladi.
–Ikkinchi bosqichda 24 ta loyiha tanlangan, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Saidislom Sobitxo‘jayev. –Masalan, birgina Tinchlik MFY hududida 13,5 km suv tarmog‘i tortilmoqda. Tumanimizda ikkita suv inshooti bor. Bundan tashqari 17 km ichki yo‘llar asfalt qilinyapti. Prezident qaroriga ko‘ra, 2 bosqich ishlari uchun Uchqo‘rg‘on tumaniga 18 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Tinchlik mahallasi Uchqo‘rg‘onning eng chet hududi hisoblanadi. Bu yerdagi 560 xonadon aholisining azaliy orzusi toza ichimlik suvi ta’minoti edi.
Suv keltirgan aziz, deganlari shu bo‘lsa kerak. Uchqo‘rg‘onda kim bilan gaplashmang, davlatimizdan minnatdor.
–Shu mahallada 70 yildan buyon yashayman, - deydi mehnat faxriysi Valijon ota Ahmadjonov. –Suvni ariqdan ichib keldik. Ko‘chalarimiz umuman asfalt ko‘rmagan. Qishda loy, botqoq bo‘lardi. Ayniqsa nabiralarim qiynalar edi. 5 farzandim, 12 nabiram har kuni dasturxon ustida Przezidentimizni duo qilyapmiz. Suvdan keyin ko‘chamizni asfalt qilishar ekan.
Ish ko‘lami shu qadar ko‘payib ketdiki, tumanda suv ta’minoti qurilishi uchun mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha ixtisoslashgan mutaxassislar jalb etildi.
“Uchqo‘rg‘on buyuk kelajagi” MCHJ ularning biri. Ular Chortoq tumanida 14 kilometr, Uchqo‘rg‘on tumanidagi Tinchlik mahallasida esa 13,5 kilometr uzunlikda suv quvurlari tortishmoqda.
–Hozirgacha 7 kilometr transheya kavlab 3 kilometrga quvurlar tashlandi, - deydi jamiyat ish yurituvchisi Madaminjon Mehmonov. –Har bir ulanish, chuqurlik va qumlash jarayoni inspektorlar tomonidan tekshirilganidan so‘ng ko‘milyapti.
Shu o‘rinda suhbatdoshlarimizning bir mulohazasini tilga olish joiz: So‘nggi yillar mamlakat tarixiga aholiga munosib yashash sharoiti yaratilgan davr sifatida yozib qo‘yladi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/lXR30GVY2EM" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov