Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida tashkil etilgan tadbir ham ulardan biridir.

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” tamoyili asosida tashkil etilgan tantanali yig‘ilishda markaziy apparat va hududiy boshqarmalarning faol xodimlari ishtirok etdi.
Unda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Xurshidjon Eshqo‘ziyev so‘zga chiqib, mamlakatimiz energetika sohasidagi o‘zgarishlar va yutuqlarda ushbu tizimda faoliyati yuritayotgan jamoaning munosib hissasi borligini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan bunday uchrashuvlar soha xodimlarining birdamligini mustahkamlab, ularning mehnatga bo‘lgan rag‘batini oshirish hamda kelgusidagi islohotlarda yanada faol ishtirok etishga turtki beradi.
– Mustaqillik bayrami biz uchun faqat tantana emas, balki yangi maqsad va rejalarga ilhom manbai hamdir. Bugun taqdirlanishim men uchun katta sharaf, shu bilan birga, mas’uliyatimizni yanada oshiradi. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan tadbir barchamizga bayramona kayfiyat ulashdi. Inspeksiya jamoasi bugungi kunda mamlakat iqtisodiyoti va aholi farovonligi uchun muhim bo‘lgan energiya resurslaridan samarali foydalanishda yanada faol ish olib borishga qat’iy bel bog‘lagan, – dedi “O‘zenergoinspeksiya” boshqarma boshlig‘i Farrux Jo‘rayev.

Tadbirda yakunida samarali mehnati, tashabbuskorligi va yuksak mas’uliyati bilan alohida ajralib turgan bir guruh xodimlar taqdirlandi. Ularga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirilib, mehnatlari munosib baholandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA