MUNOSABAT: noshirlikning shonli davri boshlanmoqda
Prezidentimizning “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori suvni, yomgʻirni kutib chanqoqlikdan azob chekayotgan daraxtga suv berilganday boʻldi. Sababi bu sohada muammolar, kamchiliklar keragidan ortiq koʻp edi.
Prezidentimizning “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori suvni, yomgʻirni kutib chanqoqlikdan azob chekayotgan daraxtga suv berilganday boʻldi. Sababi bu sohada muammolar, kamchiliklar keragidan ortiq koʻp edi.
Qaysi sohaga doir Prezident qarori chiqsa, bilingki, bu jabhada ishlar qoniqarli emas. Muammo va kamchiliklar bor. Muammo shu darajaga yetganki, uni korxona, yuqori tizimdagi rahbarlar yecholmaydi, muammoga yechim topolmaydi. Va shu oʻrinda Prezident qaror chiqaradi, shu qarorda belgilab qoʻyilgan bandlar asosida muammolar oʻz-oʻzidan yechilib boraveradi.
Bundan bir yil muqaddam beshta muhim tashabbus ilgari surilgan edi. Shu tashabbuslarning toʻrtinchi tashabbusi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgani ham bejiz emas. “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ham beshta muhim tashabbusning mantiqiy davomi sifatida noshirlik sohasida yangi bir bosqichni boshlab beradi, desak adashmaymiz.
Yangilayotgan Oʻzbekiston uchun noshirlik toʻgʻrisidagi bu qaror juda muhim edi. Nega? Sababi, kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga eʼtibor kuchaytirildi. Kitobxonlarning ham talabi oshishi aniq edi. Ularga sifatli va bexato, shuning barobarida badiiy jihatdan pishiq, tafakkurni boyitadigan, aqlni peshlaydigan kitoblarni nashr etish dolzarb masalaga aylangan edi. Talab bor ekan, demak nashriyotlar shu talabga, halol raqobatga tura olishi lozimdir.
Tan olib aytish kerak, koʻp yirik nashriyotlar ham oʻquvchilar talablarini qondira olgan emas. Ular istagan va izlagan kitoblarni nashr etolgani yoʻq. Agar nashr etgan boʻlsa ham bu kam, yana olis viloyatlardagi oʻquvchilar qoʻliga yetib borgani yoʻq.
Endi-chi? Endi yangi tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston” nashriyotiga yuqori malakali noshirlar, kasbining hadisini olgan, sohasini puxta egallagan mutaxassislar jalb etilishiga ishonamiz. Yana badiiy jihatdan baquvvat asarlar chop etilishiga, shuning barobarida kitob adadi ham 10 ming, 20 ming, ehtimol 50 ming nusxada chop etilar va olis viloyatlarga kitob yetkazib berish muntazam yoʻlga qoʻyilar.
Nafaqat noshirlik, matbaachilik sohasida ham katta oʻzgarishlar boʻlishiga umid qilamiz. Yangi texnologiyalar, soʻnggi rusumdagi ishlab chiqarish mashinalari nashriyotlarga keltiriladi. Bu, oʻz navbatida, kitoblarning sifat va bejirimligini taʼminlaydi. Hozirgi zamon kitobxoni “injiq”. Unga mahsulotingizni goʻzal koʻrinishda tavsiya etmasangiz – yutqazasiz.
Halol raqobat. Ha, aynan halol raqobat kerak. Qaysi nashriyot zoʻr kitob chiqarsa, samarali sotuvni yoʻlga qoʻysa – marra oʻshaniki. Endi mazmunan oldi qochdi, muqovasi koʻrimsiz kitoblar chiqmaydi. Chiqarishga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
Umid qilamizki, bu qaror noshirlik sohasiga qoʻyilgan dadil qadam. Qadam boʻlganda ham mustahkam qadam. Shu qaror asosida noshirlik sohasi oʻzining shonli davrini boshlab beradi. Hamma oʻzini internetga uradigan bir paytda, shu qaror sabab oʻquvchilar yana kitob bilan sadoqatli doʻst boʻlishiga ishonamiz.
Habib Abdiyev,
Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi
direktori oʻrinbosari, bosh muharrir.