Munis onaxonlar va aziz opa-singillar sharaflanmoqda
Surxondaryo viloyatida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, jamiyatimiz gultojlariga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Sho‘rchi tumanida tashkil etilgan “Sen aziz va muqaddassan ayol”, deb nomlangan tadbirda ham go‘zallik, nafosat, mehr-muhabbat timsoli bo‘lgan xotin-qizlar ulug‘landi.

Tadbirda tuman hokimi A.Ishmurzoyev xotin-qizlarning o‘rni va mavqeini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi. Munis onaxon va aziz opa-singillarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, oila institutini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng qamrovli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, huquqiy va institutsional asoslari tubdan takomillashtirildi. Xotin-qizlarning muhim g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor yanada kuchaytirildi. “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, ehtiyojmand xotin-qizlarga ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan yolg‘iz ehtiyojmand xotin-qizlar moddiy yordam bilan ta’minlanayotir. Uy-joylari ta’mirlab berilmoqda. Bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sanatoriylarda davolanishi uchun yo‘llanma berilyapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda. Imtiyozli ichki turistik sayohatlar uyushtirilayotir.

Ayni paytda Sho‘rchi tumanida uch mingdan ortiq xotin-qiz davlat tashkilot, idora va muassasalarida xizmat qilmoqda. Qariyb 7 ming nafar xotin-qiz xususiy sektorda faoliyat yuritmoqda. Ular tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish barobarida oilalarning uy bekasi sifatida tinch, farovon Vatanga munosib farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratmoqda.


Tadbirda bir guruh faol xotin-qizlarga tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi davraga o‘zgacha fayz ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri