Namangan shahrida Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Notarial palatasi tomonidan “Ko‘chmas mulk: rasmiylashtirish, muammolar, takliflar” mavzusida notariuslarning ikkinchi milliy kongressi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning tantanali ochilishida O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov, O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida keyingi yillarda notariat instituti tubdan isloh qilingani, fuqarolarga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati oshib borayotganligini ta’kidladi.
Adliya, Notarial palata, Kadastr agentligi, Yuristlar malakasini oshirish instituti, viloyat sudi mas’ullari hamda Rossiya Federatsiyasi, Armaniston va Ozarbayjon davlatlaridan taklif qilingan xorijiy ekspertlar tomonidan ko‘chmas mulklarni rasmiylashtirishning o‘ziga xos jihatlari, notarial tasdiqlangan bitimlardan kelib chiqqan nizolarni hal etish bilan bog‘liq sud amaliyoti, mulkka bo‘lgan huquqni rasmiylashtirishda inson huquqlarini ta’minlash, ko‘chmas mulkni rasmiylashtirish bilan bog‘liq muammolar va takliflar borasida so‘z yuritildi.
Tadbirda har yili Namanganda an’anaviy ravishda o‘tkazilayotgan Xalqaro gullar festivalining logotipi tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisi sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ma’lum qilinib, maxsus guvohnoma tantanali ravishda taqdim etildi.
O‘zining badiiy-musiqali chiqishlarini havola qilgan Davlatobod tumanidagi 82-sonli umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchilariga voyaga yetguniga qadar shaxsning ota-onalari yoki vasiylariga xorijga chiqishga rozilik arizasini notarial idoralarda bepul rasmiylashtirish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
– Yirik doiradagi ekspertlar ishtirokida keng ko‘lamda o‘tkazilgan notariuslar kongressida oldimizda turgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgani ayni muddao bo‘ldi, – deydi Andijon viloyati Asaka tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Nodirbek Oxunjonov. – Xususan, ko‘chmas mulk daxlsizligi, yer munosabatlari bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirishda real vaqt rejimiga o‘tish, tizimni to‘liq raqamlashtirish, ortiqcha qog‘ozbozlikka yo‘l qo‘ymaslikning yechimlari borasida taklif va tashabbuslar bildirildi. Bu, eng avvalo, notarial sohani yangi sifat bosqichiga olib chiqishiga xizmat qiladi.
Anjumanda bitimlarni rasmiylashtirish borasida xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan o‘rtoqlashildi, ko‘chmas mulk bilan ishlashda zamonaviy usullarni yanada rivojlantirish va joriy etish istiqbollari belgilab olindi.
[gallery-23703]
Ishtirokchilar Chortoq tumanida joylashgan Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohida hamda xalqaro gullar bayramining asosiy tantanalari o‘tayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ham bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari