2024–2025 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi umumta’lim maktablarini 1739 nafar o‘g‘il-qiz bitirdi. Ular orasida 42 nafar o‘quvchi “Oltin medal”, 5 nafar bitiruvchi esa “Kumush medal” bilan taqdirlangan bo‘lsa, 82 nafar o‘quvchi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Bu yutuqlar, avvalo, yoshlarimizning ta’limga, bilim olish va o‘z ustida muntazam ishlashga bo‘lgan yuksak intilishi, shuningdek, ustozlar fidoyiligi hamda ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi samarasidir. Ta’limda yuqori natijalarni qayd etgan mazkur yoshlar nafaqat shaxsiy, balki shahar va viloyat nufuziga ham munosib hissa qo‘shmoqdalar.

– Medal sohiblari orasida turli fanlar bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosdagi olimpiadalar, ijodiy tanlovlar va innovatsion loyihalarda ishtirok etib, muvaffaqiyatga erishgan o‘quvchilar ham bor, – deydi Guliston shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining mudiri Samandar Ortiqov. – Ulardan ayrimlari AQSH, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi mamlakatlarning nufuzli universitetlaridan takliflar ham olgan.

Bugungi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va yangi o‘quv dasturlari orqali yosh avlodga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Guliston shahri maktablari misolida bu yangilanishlar o‘z mevasini berayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

– Mukofotlar — yoshlarimizning yanada izlanuvchan, ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziquvchan va innovatsion fikrlaydigan shaxs sifatida shakllanishida muhim rag‘bat vazifasini o‘taydi. Shu bois, ularning kelgusida yurtimiz taraqqiyoti va intellektual salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishlariga ishonch bildiramiz, – deydi Samandar Ortiqov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri