Mukofot – yangi cho‘qqilar sari chorlaydi
Prezidentimizning 2024 yil 24 avgustdagi farmoniga asosan Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari, davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy soha xodimlaridan bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlari – unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Mukofotlanganlar qatorida Namangan viloyatidan o‘n to‘rt nafar fidoyi hamyurtimiz ham e’tirof etildi. Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da yurt fidoyilarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, senatorlar va deputatlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi mazkur tadbirda, Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yuksak mukofotlar sohiblarini tabriklab, Vatanga sadoqat bilan qilingan xizmatlar e’tibordan chetda qolmasligini qayd etdi.


Tadbirda mamlakatimiz rahbarining tegishli farmoni o‘qib eshittirilib, davlat mukofotlari egalariga tantanali suratda taqdim etildi. Mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqan Davlatobod tumanidagi 81-sonli umumta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi A’loxon Abdualimov, Uychi tumanidagi “Mega Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyat ip yigiruvchisi “Do‘stlik” ordeni sohibi Ra’noxon Bekmirzayeva va boshqalar ko‘rsatilgan ehtirom uchun minnatdorlik izhor qildi.
– Qariyb ellik ikki yil davomida qurilish sohasida oddiy ishchilikdan tortib, rahbarlik lavozimigacha bo‘lgan mashaqqatli, ammo, sharafli yo‘lni bosib o‘tdim. Ustazoda quruvchilar sulolasining uchinchi vakili sifatida ortda qolgan faoliyatimdan behad xursandman, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “4-qishloq qurilish kombinati” mas’uliyati cheklangan jamiyat kuzatuv kengashi raisi Ahmadjon Fozilov. – Kamtarona mehnatlarim yurt yetakchisi tomonidan yuksak baholanib, “Do‘stlik” ordeni topshirilgani g‘ayratimga g‘ayrat, kuchimga yanada shijoat bag‘ishladi. Aytishim kerakki, bugungi qurilishni bundan yetti-sakkiz yil avvalgi davrga aslo solishtirib bo‘lmaydi. Sohaga tatbiq etilayotgan innovatsion va energotejamkor texnologiyalarning qo‘llanilishi, sohaga raqobatbardosh kadrlarning kirib kelishi sifat hamda samaradorlik oshishiga katta turtki berdi.


Shuningdek, tantanali tadbirda Prezident sovrini uchun har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, jami 800 million so‘m pul mukofoti va Buyuk Britaniyaga bir haftalik bepul ta’lim sayohati yo‘llanmasiga ega bo‘lgan Chortoq tumanidagi 53-maktab jamoasi hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida minifutbol bo‘yicha uyushtirilgan Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi final bosqichida kumush medalni qo‘lga kiritgan Namangan shahridagi Dambog‘ mahallasi jamoasi viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir “Shodiyona” tantanalar majmuasida bayram dasturxoni atrofida davom etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.