Muhtojlarga ko‘maklashish azaliy qadriyat
Yangi yil arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ham xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Nukus shahridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan 400 ta, Bo‘zatov tumanidagi 50 ta oilaning har biriga 500 ming so‘mlik kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsuloti tarqatildi. Bundan tashqari, Beruniy tumanidagi Sulton Uvays bobo hamda «Kechirmas ota» ziyoratgohlarida qurbonlik qilindi va jonliqlarning go‘shti yetim-yesirlarga, mazlum va ehtiyojmand kishilarga tarqatildi.
Xayriya aksiyasi bugun ham davom etib, Xo‘jayli tumanidagi «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilariga bayram dasturxoni yozildi. Tadbir davomida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 5 ta televizor sovg‘a qilindi. Shuningdek, Nukus shahridagi 210 ta, Kegayli, Nukus, Qonliko‘l tumanlaridagi 350 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilaga oziq-ovqat mahsuloti berildi. Ellikqal’a tumanidagi 3 ta, Xo‘jayli tumanidagi 3 ta, Qo‘ng‘irot tumanidagi 2 ta Mo‘ynoq tumanidagi 2 ta, Amudaryo hamda Qorao‘zak tumanlaridagi 1 ta ziyoratgohda qurbonlik qilinmoqda.
–Xayriya aksiyasining asosiy maqsadi, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar a’zolarini, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashishdan iborat, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Islombek Tajetdinov. – Chunki, muhtoj kishilarga yordam berish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan hisoblanadi.
Mazkur aksiya doirasidagi tadbirlar Orolbӱyi shahar va tumanlarida davom etmoqda.
[gallery-605]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA