Muhtojlarga koʻmak berish insoniy burchimiz
Mehr-muruvvat, xayr-saxovat kabi ezgu amallar xalqimizning azaliy qadriyati hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoni ijrosini taʼminlash yuzasidan Orolboʻyida ham keng koʻlamli xayriya tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, pandemiya sharoitida moddiy yordam va koʻmakka muhtojlar roʻyxatiga kiritilgan oilalarga 10 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilmoqda. Muqaddas Qurbon hayiti bayrami arafasida xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlaridan hisoblangan muhtojlar holidan xabar olinib, ularga naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari berilmoqda.
Xoʻjayli tumani hokimligi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga jami 817 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, shundan joriy yilning mart oyidan “temir daftar”ga kiritilgan 1398 ta ogʻir sharoitdagi va oʻzini-oʻzi boqish imkoniyati yoʻq oilalardagi 6352 nafar fuqaroga, yolgʻiz yashovchi 89 ta fuqaroning har biriga 350 ming soʻmdan, 2-5 nafar aʼzosi bor 958 ta oilaning har biriga 550 ming soʻmdan, 6 nafar va undan koʻp aʼzosi bor 351 ta oilaning har biriga 750 ming soʻmdan, jami 817 million soʻm naqd pul bugun tuman faollari ishtirokida tarqatib chiqildi. Shuningdek, koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha shtab tomonidan bemorlarni davolashda hayotini xavf ostiga qoʻyib jonbozlik koʻrsatayotgan tuman tibbiyot birlashmasi 18 nafar xodimining 84 million soʻm ish haqilari naqd pulda topshirildi.
Musulmon olamidagi eng katta bayramlardan biri Qurbon hayiti ayyomi arafasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori Farhod Allambergenov, Beruniy tumani hokimi Atabek Saparbayev hamda sektor rahbarlari birgalikda tumandagi kam taʼminlangan va ehtiyojmand 12 ta xonadonda boʻlib, ularga pul mablagʻi, oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Pandemiya sharoitida boquvchisini yoʻqotgan va ehtiyojmand oila vakillari holidan xabar olish boʻyicha har bir hududda roʻyxatlar shakllantirilgan boʻlib, ayyom arafasida 1208 ta xonadonga 706 million soʻm pul mablagʻi, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Koronavirus pandemiyasi inson salomatligiga jiddiy xavf solayotgan bir vaqtda Ellikqalʼa tumanida aholini ushbu ofatdan asrash va karantin sababli qiynalib qolgan oilalarga yordam koʻrsatish borasida bir qator rejali ishlar olib borilmoqda. Tumanda Hayit ayyomi munosabati bilan 624 ta oilaga 534 million soʻm pul mablagʻi, oziq-ovqat mahsulotlari va qoʻy-qoʻzi berildi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori Farhod Allambergenov, tuman hokimi Seydamat Avezov yordamga muhtoj ehtiyojmand 12 ta xonadonga tashrif buyurdilar. Ularga 1 million soʻmdan pul mablagʻi,12 turdagi oziq-ovqat mahsuloti va qoʻy-qoʻzi sovgʻa qilindi. Prokuror shu joyning oʻzida oilalarning murojaatlarini oʻrganib, ularni yechish boʻyicha tegishli masʼul rahbarlarga topshiriqlar berdi.
Mehr-muruvvat, xayr-saxovat kabi ezgu amallar xalqimizning azaliy qadriyati hisoblanadi. Zero, yaxshilik, oqibat, rahm kabi ulugʻ fazilatlar doimo insonga ziynat boʻlib kelgan. Binobarin, kimki ezgulik yoʻlida saʼy-harakat qilsa, umriga, rizqiga baraka kiradi, hayoti osuda, qalbi xotirjam boʻladi.
– Mamlakatimizda hech bir xonadon eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq,–deydi “Qirqqiz” ovul fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Nargiza Madrimova. – Erimning vafotidan soʻng uch nafar farzandim bilan qolib, uy-joydan qiynalayotgan edim. Hozir qarindoshimning uyida vaqtincha yashab kelyapman. 1-sektor rahbari homiyligida menga besh xonali yangi uy-joy qurib berilmoqda.
Bayram munosabati bilan hol-ahvolimdan xabar olib, 1 million soʻm pul, oziq-ovqat mahsulotlari va bir bosh qoʻy berishdi. Kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarga koʻrsatayotgan bunday gʻamxoʻrligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati bugungi kunda tom maʼnoda qudratli kuchga aylandi. Asosiy maqsad xalqning roziligidir. Har qanday sharoitda ham fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ularning hayotga, yashashga boʻlgan umidini soʻndirmaslikdir.
Bunday saxovat tadbirlari Orolboʻyida davom etmoqda.