Qaror va ijro
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini IT sohasiga qiziqtirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tashabbusi bilan Navoiy shahar hokimligi, IT-park viloyat filiali va markaz o‘rtasida memorandum imzolandi.
Yurtimizda aholini davlat tomonidan har tomonlama himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda joriy yilning 28 sentyabrida “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Ushbu qaror asosida tajriba tariqasida Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Konimex tumanida ham “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda Navoiy shahridagi 36 ta mahallada aholi sonidan kelib chiqqan holda 22 nafar ijtimoiy xodim ish olib bormoqda.
[gallery-14592]
Ularning asosiy vazifalaridan biri aholining ijtimoiy xizmat va yordamlar haqida xabardorligini oshirib borish, har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini baholash hisoblanadi. Shuningdek, zarur hollarda ular ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs uchun individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini ishlab chiqadi, zarurat bo‘lganda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxs nomidan ijtimoiy xizmat va yordamlardan foydalanish uchun so‘rovnoma (ariza) kiritadi.
– Markazimiz tashkil etilgandan keyin mahallamizda xatlov o‘tkazdik. Ishni asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holatini tahlil etgan holda ro‘yxat shakllantirishdan boshladik, – deydi Binokor mahallasi ijtimoiy xodimi G‘iyos Sobirov. – Asosan xatlov davomida ularning farzandlari qiziqishlarini ham o‘rgandik. Yoshlarning IT sohasiga, bundan tashqari chet tillariga qiziqishlari o‘rganib chiqildi va shu yo‘nalishlardagi o‘quv kurslariga taklif qilindi. Hozir Binokor mahallasidan 3 nafar yoshimiz IT-park viloyat filialida tashkil etilgan o‘quv kursida bepul o‘qimoqda.
Bugungi kunda yurtdoshlarimiz orasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Barcha soha va jabhalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilib, mehnat bozorida ham talab ortyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qOC7YIt1TrI" title="Muhtoj oilalar farzandlari bepul o‘qitilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘zaro imzolangan memorandumga ko‘ra, 14-30 yoshdagi nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etish rejalashtirilgan. Hozir Navoiy shahrida yashovchi 50 nafar yoshlar IT-park da tashkil etilgan o‘quv kurslarida o‘qitilmoqda.
– Men Turon mahallasida yashayman. Ijtimoiy xodimlar olib borilgan o‘rganishlar jarayonida bizning ham xonadonimizga kelishdi, – deydi Dilnura Berdiyorova. – Men ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga qiziqaman. O‘rganishlar davomida ijtimoiy xodimlar IT park da bepul ta’lim olishni maslahat berishdi. Hozir shu yerda o‘qiyapman. Darslar qiziqarli bo‘lmoqda. Kelajakda arxitektor bo‘lmoqchiman. Olgan bilimlarim menga, albatta, asqatadi.
IT park da tashkil etilgan o‘quv kurslari 3 oydan 6 oygacha davom etadi. Ularni muvaffaqiyatli yakunlagan yoshlarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari