Muhimi xatoni anglash va uni takrorlamaslikdir
Muqaddam sud tomonidan tayinlangan jazoga nisbatan e’tiborsizlik qilgan ayolning keyingi taqdiri bevosita panjara ortiga tutashdi. Shu lahzalarda ko‘nglini egallagan qattiq pushaymonlik unga tinchlik bermasdi. Ko‘zida yosh bilan o‘tgan kunlarini so‘zlab berayotgan ayol yaqinlari uchun muhim so‘zlari borligini aytib, barchadan kechirim so‘radi. Afsuski, bu pushaymonlik iqrorlari avvalroq bo‘lganida, balki u sovuq panjaralar ortida yashamagan, yaqinlarini uyatli holga qo‘ymagan bo‘lardi. Biroq kech bo‘lsada, xatosini tushungani, iqrorligi unga yana bir imkoniyatni taqdim etdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat Ko‘kdala tumani sudining sayyor sud majlisida namunali jazo o‘tagan, tuzalish yo‘liga qaytgan bir guruh mahkumlarga nisbatan tuman IIB boshlig‘ining taqdimnomalari muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida mahkumlarning jazo o‘tash qoidalariga qay darajada amal qilganliklariga asosiy e’tibor qaratilarkan, berilgan xulosalarga ko‘ra yakuniy qaror qabul qilindi.

Bo‘lib o‘tgan sud jarayonida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan sudlarga kiritilgan taqdimnomalar asosida 9 nafar mahkum muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi.
Kimdir bilib, kimdir bilmay jinoyat sodir etarkan, o‘tgan vaqt davomida ular qilmishlari xususida yetarlicha xulosa chiqarganligi ma’lum bo‘ldi.

– Anglashilmovchilik sabab noto‘g‘ri yo‘ldan yurib, jinoyatchilik ko‘chasiga kirib qoldim, – deydi Jamshidbek Avlayev. – Qilgan ishimdan pushaymonman. Menga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. O‘tgan bir yil davomida belgilangan tartib qoidalarga amal qildim. Ochig‘i jinoyatchi degan tamg‘ani menga nisbatan aytilishining o‘zi kun sayin qalbimni tirnardi. Mana nihoyat muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildim. Bundan juda minnatdorman. O‘tgan vaqt menga katta saboq bo‘ldi va jinoyatchilik ko‘chasiga endi aslo kirmayman. Halol mehnat qilib yashashga astoydil harakat qilaman.
Insonparvarlik tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘lgan sayyor sudlar bir so‘z bilan aytganda, adashgan yurtdoshlarimiz ko‘ngliga xotirjamlik olib kirishga yaqindan yordam bermoqda. Hayotda hamma ham ikkinchi imkonni olishga haqli. Ammo eng muhimi qilgan xatoni anglab yetish va uni qayta takrorlamaslikdir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri