Muhim takliflar, muammo va yechim
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10 noyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashining video-anjuman shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etgan edi.
Tashkilotga a’zo turli davlatlar vakillari ishtirok etgan anjumanda mamlakatimiz rahbari ham nutq so‘zlab, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichda turganiga alohida urg‘u berdi.
Bundan tashqari, yurtboshimiz tomonidan aytilgan qator taklif va tashabbuslar tashkilotning keyingi faoliyat bosqichida yangi-yangi istiqbollarni kashf etishi, shubhasiz. Xususan, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida SHHTning savdo-iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hujjatlarini qabul qilish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish taklifining ilgari surilganligi, o‘ylaymanki, epidemiyaga qarshi birgalikda tashkil qilingan katta kuch yuzaga kelishini anglatadi.
Shuningdek, mamlakatimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish taklifi davolash bo‘yicha xalqaro tajriba almashish imkoniyatini yaratadi.
Darhaqiqat, ushbu tarmoq doirasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma vrachlar guruhi faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihalarni bevosita amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Sammitda davlatimiz rahbarining yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an’analarini asrash va ko‘paytirishga qaratilgan chaqirig‘i ham dunyoda yuz berayotgan turli notinchliklarning oldini olishda bir xitob bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. O‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kun tartibidagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlash, keng Yevrosiyo makonida xavfsizlik barqaror taraqqiyotni ta’minlashning bosh sharti sifatida qayd etgani davlatlarning murosaga kelish, turli xatarlarning oldini olish uchun birlashish muhim vazifa ekanligidan dalolatdir. Zero, SHHT kuchli bo‘lishi uchun undagi har bir davlat kuchli va birdamlikda harakat qilishi zarur.
Prezidentimizning iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda axborot texnologiyalarining o‘rni ortib borayotganini qayd etishi, ayniqsa, bunda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholini o‘qitishga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha dasturini ishlab chiqish yuzasidan ilgari surilgan taklifi ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega.
Chunonchi, 2020 yilga O‘zbekistonda «Ilm-fan va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish» yili deb nom berilgan edi. Yuqoridagi taklifning amaliyotda bo‘y ko‘rsatishi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda yanada yangi istiqbollarni hamda xalqaro tajriba almashishni kuchaytirishi bilan qimmatlidir.
Shuningdek, davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish masalalarida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning dolzarb ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, tashkilot doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari yig‘ilishlari mexanizmini yaratish va tegishli dasturiy hujjat tayyorlash taklifi aholining ijtimoiy holatini yaxshilashda ulkan qadam bo‘lishiga ishonaman. Kambag‘allikka qarshi kurashish bilan kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatimizda forum tashkillashtirilishi bilan bu borada ko‘plab masalalarga oydinlik kiritilishiga zamin hozirlanadi, deb o‘ylayman.
Ma’lumki, Afg‘oniston haqida gap ketganda global ahamiyatga molik hal etilishi lozim bo‘lgan ko‘plab muammolar turganligiga yaxshi anglaymiz. Shu o‘rinda «SHHT-Afg‘oniston» muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasining tez fursatda qabul qilinishi kabi masalalar tinchlik va hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim tashabbusdir.
Xususan, Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbusiga e’tibor qaratilayotgani yaqin kelajakda tinchlik va hamkorlikning davlatlararo kuchayishi va rivojlanish istiqbollarini ochib berishi turgan gap.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz Prezidentining SHHTning navbatdagi sammitidagi ishtiroki va unda ilgari surilgan takliflar bugungi zamonamiz uchun zaruriyat hisoblangan ko‘plab masalalarga yechim bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Bahrom VALIEV,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent shahar Kengashi raisi