Muhim siyosiy jarayon ostonasida
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, joriy yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea – Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.
Bo‘lajak saylovni milliy saylov qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish esa bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, joriy yilning 8 fevralida “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishga binoan mamlakatimizda Prezident saylovi oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. Kuni kecha ana shu yirik siyosiy jarayonga start berildi.
Sir emaski, Prezident saylovi demokratik davlat, erkin va mustaqil, farovon jamiyat qurishdek g‘oyat muhim jarayonda milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, fuqarolarning saylov huquqlarini yanada keng va to‘la ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yilgi Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’kidlash o‘rinlidir. Mamlakatimiz fuqarolari ongu shuurida sodir bo‘lgan ulkan o‘zgarishlar natijasida saylovchilarning talablari va islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi ham oshib bormoqda.
Bu borada saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash, saylov jarayoni tashkilotchilarini o‘rgatish va malakasini oshirish, saylov jarayoni davrida axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish masalalariga oid tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasining qarorining mazmun-mohiyatini saylovchilarga keng tushuntirish va aholining saylov jarayonidan xabardorligini oshirish samarali tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, Qo‘qon shahri hududida tashkil etilayotgan 96 ta uchastka saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosarlari hamda kotiblari uchun nomzod bo‘lgan 288 nafar fuqarolar adliya, prokuratura, ichki ishlar organlari va oliy ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari tomonidan saylov huquqiga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘qitilmoqda.
Jumladan, 2021 yil 9-17 iyun kunlari birinchi bosqichdagi seminar-treninglar tashkil etilib, ishtirokchilarning saylov huquqiga oid savodxonligi oshirildi. Shuningdek, joriy yilning 5-17 iyul kunlari nomzodlar keys-study dasturi doirasida qayta o‘qitilib, amalliyotda uchrovchi muammoli holatlar yuzasidan amaliy misollar orqali batafsil tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, yilning eng muhim jarayonini muvaffaqiyatli o‘tkazishda aynan ana shu bo‘g‘in tashkilotchilaridan katta bilim va mas’uliyat talab etadi. Ular saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlardan xabardor bo‘lishi saylov jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishiga, aholining Prezident saylovida faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimizning yuksak taraqqiyotiga xalqimiz bildiradigan qat’iy ishonchning amaldagi yorqin ifodasi bo‘lishi aniq. Bu yo‘lda esa o‘zimizning fuqarolik pozitsiya va vazifamizni namoyon etishimiz talab etiladi.
Erkinjon MAHMUDOV,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i