Muhim loyiha start oldi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Yoshlar markazida jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblari hamda media sohasining boshqa vakillari kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan “Media haftalik” tadbirlariga start berildi. 15–19-iyun kunlari davom etadigan mazkur yirik ta’limiy-amaliy loyiha doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan qariyb 600 nafar ishtirokchi qamrab olingan. Loyihaga qiziqish yuqori bo‘lib, unda ishtirok etish istagini bildirganlar soni 1000 nafardan oshgan.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimligi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, davlat tashkilotlarining axborot xizmatlari, ommaviy axborot vositalari hamda media sohasi vakillari ishtirok etishdi.


Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Sirdaryo viloyati hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bo‘lim boshlig‘i Ibrohim Saidov, Sirdaryo viloyati teleradiokanali davlat muassasasi rahbari Zafar Darxonov, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bosh muharriri Bahrom Boymurodov hamda “Xalq so‘zi” gazetasining viloyatdagi muxbiri Ahmadali Shernazarov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholiga tezkor, xolis va ta’sirchan yetkazishda media sohasi vakillarining o‘rni tobora ortib borayotganini ta’kidladi.



Ta’kidlanganidek, bugungi global axborot makonida raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib, sun’iy intellekt imkoniyatlari kengayib borayotgan bir sharoitda jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblari oldiga yangi vazifalar qo‘yilmoqda. Axborot xavfsizligini ta’minlash, faktlarni tekshirish, auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda ishonchli kontent yaratish davr talabiga aylanmoqda.
– Bugun axborot almashinuvi jarayonlari jadal tus olmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi, ijtimoiy tarmoqlar ta’sirining ortishi va feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangi bilim va ko‘nikmalarni talab etmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan “Media haftalik” doirasida respublika va xalqaro tajribaga ega ekspertlar ishtirokchilar bilan o‘z bilim va tajribalarini o‘rtoqlashadi, – dedi Ibrohim Saidov.


Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar “Ekspertlarning trening maqsadi va vazifalari”, “O‘zbekiston bosma mediasida kontent: amaliyot, muammo va yechim”, “Operator — material hammuallifi” kabi mavzulardagi ma’ruzalarni tinglashdi. Mashg‘ulotlar telejurnalistlar, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda tashkil etilmoqda.
Besh kunlik dastur davomida zamonaviy jurnalistika, mediaxavfsizlik, faktcheking, raqamli kommunikatsiyalar, SMM, strategik kommunikatsiyalar, ijtimoiy tarmoqlarda samarali faoliyat yuritish, hujjatli filmlar tayyorlash hamda sun’iy intellektdan media sohasida foydalanish bo‘yicha mahorat darslari va amaliy treninglar o‘tkaziladi. Darslar jarayonida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish va zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Qayd etilishicha, media haftalikda qariyb 600 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ular orasida 146 nafar matbuot kotibi, 98 nafar mobilograf, 50 nafar SMM mutaxassisi, 32 nafar bloger, 36 nafar bosma ommaviy axborot vositalari vakili hamda boshqa sohalar xodimlari bor.
Tadbir yakunida media forum o‘tkazish, yangi loyihalar taqdimotini tashkil etish, tajriba almashish maydonlarini yaratish hamda o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirish rejalashtirilgan.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA