Muhim infratuzilmaviy loyiha
Insoniyat uchun eng muhim ne’matlardan biri bo‘lgan toza ichimlik suvi nafaqat aholi salomatligini ta’minlaydi, balki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, ekologik barqarorligi va turmush sifatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda aholini sifatli, xavfsiz va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Bu borada Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar orasida “Zarafshon” suv tozalash va uzatish inshootida boshlangan keng ko‘lamli tozalash va rekultivatsiya tadbirlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur ishlar nafaqat mavjud texnik muammolarni bartaraf etish, balki kelajakda suv ta’minoti tizimining ishonchli va samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan muhim infratuzilmaviy loyihadir.
Bir asrlik tarixga ega strategik ob’ekt 1929-yilda foydalanishga topshirilgan “Zarafshon” suv tozalash va uzatish inshooti qariyb yuz yil davomida Buxoro viloyati aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelayotgan muhim strategik ob’ekt hisoblanadi. Inshoot Jo‘yzar kanalidan suv qabul qilib, uni tozalash va aholiga yetkazib berish vazifasini bajaradi.
O‘tgan yillar mobaynida suvni tindirish jarayoni natijasida havzalar tubida katta miqdorda loyqa, qum va boshqa mexanik cho‘kindilar yig‘ilib borgan. Mutaxassislarning baholashicha, umumiy hajmi 400 ming kub metr bo‘lgan tindirgich o‘zanlarida to‘plangan cho‘kindilar inshoot samaradorligiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsata boshlagan.

Shu sababli bugungi kunda mazkur hududda keng ko‘lamli tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda ob’ektda 20 ga yaqin maxsus texnika va mexanizmlar jalb etilgan. Ekskavatorlar, yuk tashish texnikalari va boshqa maxsus uskunalar yordamida yillar davomida to‘plangan cho‘kindilar bosqichma-bosqich chiqarilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, tindirgichlarning chuqur va sifatli tozalanishi suvni dastlabki qayta ishlash jarayonining samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Bu esa suvning tiniqligi va sifati yaxshilanishiga, filtratsiya jarayonlarining samarali kechishiga, energiya va ekspluatatsiya xarajatlarining qisqarishiga, inshootning texnologik quvvatlari tiklanishiga, favqulodda holatlar xavfining kamayishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday profilaktik va rekonstruktiv ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, kelgusida suv ta’minoti tizimida qo‘shimcha muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi ishlar ertangi barqarorlik uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir.

“Zarafshon” suv tozalash va uzatish inshooti Buxoro, Jondor, Romitan va Peshku tumanlarida yashovchi 20 mingdan ortiq aholini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelmoqda. Demak, mazkur ob’ektda amalga oshirilayotgan har bir texnik jarayon minglab insonlarning kundalik hayoti, salomatligi va turmush darajasi bilan bevosita bog‘liq. Suv sifati yaxshilanishi esa aholi salomatligi mustahkamlanishi, sanitariya holati yaxshilanishi va hayot sifatining oshishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari dolzarb bo‘lib borayotgan bugungi sharoitda mavjud suv inshootlarini modernizatsiya qilish strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirishda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan zarur texnika va tashkiliy masalalar bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bu esa ishlar belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan bajarilishiga xizmat qilmoqda.
“Zarafshon” suv tozalash va uzatish inshootida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tozalash va rekultivatsiya ishlari oddiy texnik tadbir emas. Bu — aholi salomatligi, suv xavfsizligi va hududning barqaror rivojlanishi uchun qilingan muhim sarmoyadir.
Qariyb bir asrdan buyon xalq xizmatida bo‘lib kelayotgan mazkur inshoot bugun yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida suv ta’minoti tizimining ishonchliligi ortadi, xizmat sifati yaxshilanadi va minglab xonadonlarga yanada toza, xavfsiz ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati kengayadi.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash va kelajak avlodlar uchun mustahkam infratuzilma yaratish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri