Muhammadiyning mukofoti farzandlariga topshirildi
_
Norvegiya poytaxti Oslo shahrida 2023 yil uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mukofotga eronlik ayollar huquqi himoyachisi, hibsga olingan Nargiz Muhammadiy loyiq ko‘rilgan. Muhammadiy Erondagi Inson huquqi himoyachilari markazi vitse-prezidenti hisoblanadi. Oxirgi 20 yil ichida hukumat uni rejimga qarshi gapirgani, shuningdek jurnalistika va inson huquqi sohasidagi faoliyati uchun 13 marta, jami 31 yil mahkum qilingan va hozir ham qamoqda. Mukofotni – diplom va medalni Muhammadiyning farzandlari Ali va Kiana Rahmoniy qabul qilib olishdi. Ular onalari – Nargiz Muhammadiyning Nobel ma’ruzasini o‘qidilar. Bir qator jahon yetakchilari, xalqaro tashkilotlar Muhammadiyni qo‘llab-quvvatlagan. Masalan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok eronlik huquq himoyachisiga mukofot berilishini olqishladi.