Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi doirasida mamlakatimizda mehmon bo‘lgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir boshchiligidagi delegatsiya kecha Samarqandga tashrif buyurdi.
Mehmonlar Payariq tumanidagi Imom Buxoriy qadamjosini ziyorat qildi. Ayni paytda bu yerda amalga oshirilayotgan rekonstruksiya jarayonlari, ziyorat turizmi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Islom taraqqiyot banki prezidenti Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markazda buyuk muhaddis va allomalar ilmiy merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar, nodir qo‘lyozma asarlar saqlanayotgan kutubxona va muzey mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Movarounnahr allomalari ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish istiqbollari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi.
– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasining ilm yo‘lida erishayotgan muvaffaqiyatlarini O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yaqqol samarasi sifatida baholayman va Markazning islom dini rivoji yo‘lida amalga oshirayotgan xizmatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayman, – dedi Muhammad al-Jassir janoblari.
Shuningdek, yuqori martabali mehmon markazning faxriy mehmonlar kitobida ham o‘z dil so‘zlarini yozib qoldirdi.
Jumladan, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir “Imom Buxoriy hayoti va ilmiy faoliyatini keng ommaga yetkazish yo‘lida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida amalga oshirilayotgan samarali ishlarni ko‘rib juda mamnun bo‘ldim. Markazning xayrli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman” deb o‘z dastxatini qoldirdi.
G‘.HASANOV, O‘zA