Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning nufuzi xalqaro darajada oshmoqda
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga International Baccalaureate (IB) Jahon maktabi maqomi berildi.
Mazkur muassasada IBning Middle Years Programme (MYP) dasturi bo‘yicha akkreditatsiya jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ko‘p bosqichli baholashlar davomida maktabda yaratilgan ta’lim muhiti, boshqaruv tizimi, pedagoglarning kasbiy salohiyati va o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan intilishi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Ma’lumot uchun, International Baccalaureate (IB) — 1968-yilda tashkil etilgan xalqaro ta’lim dasturi bo‘lib, dunyo bo‘ylab 5 800 dan ortiq maktabda o‘qitiladi. IB maktabi o‘quvchilarni akademik, madaniy va shaxsiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, uning diplomi ko‘plab xalqaro universitetlar tomonidan tan olinadi va oliy ta’lim muassasalariga kirishda afzallik beradi.
Mazkur dasturning joriy etilishi o‘quvchilar uchun keng akademik imkoniyatlar yaratib, ularni jahonning yetakchi universitetlarida tahsil olishga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA