Mudofaa vazirligi jamoasi g‘olib bo‘ldi
Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar o‘rtasida “Dog biatlon” musobaqasi o‘tkazildi.
9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan mazkur turnirda Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya hamda Davlat bojxona qo‘mitasi jamoalari o‘z xizmat itlari bilan ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Mudofaa vazirligining erkaklar va ayollar jamoalari mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, o‘tgan yilgi natijasini takrorladi. Shuningdek, umumjamoa hisobida ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda Mudofaa vazirligining ikkinchi jamoasiga III o‘rin nasib qilgan bo‘lsa, II o‘rinni Milliy gvardiya terma jamoasi egalladi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda esa Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Davlat bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari jamoalariga III o‘rin nasib qildi. II o‘rinni Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati jamoalari band qildi.

Bundan tashqari, musobaqada “Dog biatloni yakka tartibda yugurish”, “300 metrli to‘siqlardan xizmat itlari bilan o‘tish”, “G‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasi uchun”, “Dog biatloni 3200 metr masofaga yakka tartibda yugurish” va “Dog biatlon estafetasi” kabi qator nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Musobaqaning yopilish marosimida mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov so‘zga chiqib, yurtimizda bugun har bir sohada yangilanish va o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, xususan, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash uchun ham yetarli sharoitlar, qulay imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kiladi. G‘oliblar va sovrindorlarning kelgusi xizmatlari faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi.

Shundan so‘ng, g‘oliblarga diplom, kubok va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
A.Musayev,
O‘zA