Muborak IES modernizatsiya qilinadi
Oʻzbekiston delegatsiyasining Seulda boʻlib oʻtgan qayta tiklanuvchan energetika boʻyicha sakkizinchi xalqaro konferensiyada doirasida mazkur hujjatni imzolashga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Koreya Energetika agentligi (KEA) va Koreyaning SK Engineering & Construction (SK E&C) kompaniyasi oʻrtasida Muborak IESni modernizatsiya qilish loyihasini texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish boʻyicha oʻzaro anglashuv toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati maʼlum qildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Seulda boʻlib oʻtgan qayta tiklanuvchan energetika boʻyicha sakkizinchi xalqaro konferensiyada doirasida mazkur hujjatni imzolashga erishildi.
Memorandum shartlariga koʻra, loyiha TIA va audit natijalariga asosan Koreya tomoni TIA ni ishlab chiqish, unga sarmoya kiritish va moliyalashda ishtirok etishga, shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida Muborak IESni boshqarish imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyor.
SK E&C kompaniyasi Koreya Respublikasida hajmiga koʻra, uchinchi boʻlgan (Samsung va LG Group dan soʻng), yiliga 213 mlrd. AQSH dollariga teng aylanmaga va 2018-yil yakunlari boʻyicha 23,8 mlrd. AQSH dollari miqdorida sof foydaga ega SK Group kompaniyasi tarkibiga kiradi.
Eslatib oʻtamiz, Energetika vazirligi tomonidan mamlakatni 2030-yilgacha yoqilgʻi-energetik taʼminoti konsepsiyasi doirasida qayta tiklanuvchan energetika sohasida yirik obyektlarni, AES, yangi energiya samarali bugʻ-gaz qurilmalarini qurish, shu bilan birga, mavjud obyektlarni modernizatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar majmuasi koʻzda tutilgan.
Buning natijasida Oʻzbekiston energetikasi generatsiyalanuvchi quvvatlarni diversifikatsiya qilish, energiya taʼminotini koʻpaytirish, shu jumladan, 2018-yil koʻrsatkichlariga nisbatan elektr energiya ishlab chiqarishni qariyb 93 foizga oshirish (121 mlrd. kVt⋅s gacha) hisobidan mamlakatning energetik xavfsizligini taʼminlash imkoniyatiga ega boʻladi.