MUAMMONI YeChISh MUAMMOMI: 200 nafar bolaga mo‘ljallangan joyda 300 nafar bola istiqomat qilmoqda
Gap-so‘zlardan balandda turishga, beparvolikka ko‘nikdi.
Iroda atrofdagilarni “Sen hech nimani bilmaysan!”, “Sen bilan do‘st bo‘lishni istamaymiz!”, “Sen hech kimsan!” kabi so‘zlariga e’tibor bermaslikni o‘rgandi. Gap-so‘zlardan balandda turishga, beparvolikka ko‘nikdi.
Sog‘ligi sabab maktabga bora olmay, 1-sinfga borayotgan tengdoshlariga havas qilib, uzoqlardan qarab yurdi. Sakkiz yoshida baxti kulib, maktabga bordi. Albatta, oddiy ta’lim maskaniga emas, Toshkent shahridagi 100-maktab-internatga qabul qilishdi.
Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida tug‘ilgan Iroda O‘rozova o‘tgan yili “Central Asiaʼs Got Talent” ko‘rsatuvida “Shukr qiling” nomli she’ri bilan ishtirok etib, ko‘pchilikni hayratlantirgan edi.
Kelajakda jurnalist bo‘lishni orzu qilayotgan qizaloq ayni vaqtda jurnalistlar tayyorlash kursida ham tahsil olmoqda.
— O‘z ustimda tinimsiz ishlayapman, til o‘rganishni boshladim. Zulfiyaxonim, Erkin Vohidov, Marhabo Karimova asarlarini o‘qishni yoqtiraman. Yana bir orzuim ota-onam va buvimni Haj safariga yuborish. Qo‘llarim tufayli ikki ukam, onam va otamdan uzoqda yashadim. Endi ular Toshkentga ko‘chib kelishdi, lekin dadajonim bizni moddiy ta’minlash uchun Rossiyada mehnat qilmoqda. Otamni sog‘inib, tez-tez she’rlar yozaman, — deydi Iroda.
Tayanch-harakat a’zolari shikastlangan bolalar muolaja va ta’lim oladigan bu maskanda iqtidor egalari juda ko‘p. Ulardan biri Hilola Rustamova. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidan tug‘ilgan. Maktabdagi bayram va festivallar uning qo‘shiqlarisiz o‘tmaydi. Tortinib, har bir so‘zini ming chandon o‘ylab so‘zlovchi qizaloq ijrosidagi “Titanik” saundtreki va milliy “Mustahzod” qo‘shig‘ini tinglab, ovoziga biz ham tasanno aytdik. Musiqa ustozlari — Shahnoza va Gulnora opalar unga yana ko‘plab qo‘shiqlar o‘rganmoqda.
— Vatanim rivojiga o‘z hissamni qo‘shishni qalbimga tuyganman. Men tayyorlagan chiroyli va shirin pishiriqlarni odamlar rohatlanib iste’mol qilishi uchun qandolatchi bo‘lishga ahd qildim. Balki, qo‘shiqchi bo‘lgandan bu hunarni o‘zlashtirsam, “O‘zbekistonda tayyorlangan” tamg‘asi bilan “Hilol” shirinliklarini dunyo bo‘ylab tarqatarman. Tengdoshlarim bilan o‘ynashga uyalmayman... lekin uyda kitob o‘qiganim ma’qul. Erkin Vohidovning “Nido” nomli she’rini yotoqxonada o‘qiganimizda, negadir hammani ko‘ziga yosh keladi, — deydi Hilola.
Hilola bundan besh yil oldin mazkur maktabga kelganida kasting asosida xor jamoasiga qabul qilinganini eslaydi. Afsuski, R. Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi o‘qituvchisi Sirojiddin Karimov rahbarlik qilgan jamoa bundan to‘rt yil oldin tarqatilgan. Sababi, shartnoma tuzilmagani uchun ish o‘rni yopilgan.
“QO‘LIM BO‘LMASA-DA, BARMOQLARIMNI SEZAMAN...”
8-sinf o‘quvchisi Samariddin Boboyorov o‘ziga xos iqtidor sohibi. Donish qishloq hangomalari turkumidan “Matmusaning tandiri” she’rini yoddan o‘qib berganda biz ham uning mahoratiga tan berdik.
Shu jarayonda qog‘ozga nimalarnidir qoralayotgan bolakay e’tiborimizni tortdi. Bilsak, u sinfdoshining she’ridan zavqlanib, tandir bilan qaytayotgan Matmusaning rasmini chizayotgan ekan.
— Yetti yoshda birinchi sinfga borganimda hammadan chiroyli rasmlar chizardim, — deydi Alijon Nekov.
Uning qo‘llarini shu ahvolga kelishiga baxtsiz hodisa sabab bo‘lgan.
— Birinchi sinfda o‘qishni boshlagan kunlarim uyga qaytayotib, mashina urib ketdi. Yo‘l chetidagi transformatorga urilib, bitta qo‘lim ichiga kirib qoldi. Kuchli tok “otib yuborgan”dan keyin nima bo‘lganini bilmayman. Ko‘zimni ochsam, ikkita qo‘lim qorayib, eti uzilganidan tomirlarim ko‘rinib turibdi. Qo‘limni asrab qolish uchun olti marta jarrohlik stoliga yotdim va o‘n bir marta narkoz oldim, — deya eslaydi u.— Qo‘lim yo‘q deb o‘tirmayman, iloji boricha hech kimni bezovta qilmaslikka harakat qilaman. Yaqindan gazeta va qog‘ozdan turli buyumlar yasashni o‘rgatadigan to‘garakka qatnashni boshladim. Shunda barmoqlarimni, hatto bosh barmog‘imni tomiri qaysi ekanini sezdim. Asosiy yumushlarimni mustaqil bajara olsam ham, baribir odamlarning ko‘magiga muhtojman. Goh qalamimning uchi sinib qoladi, goh akvarilimga suv kerak bo‘ladi...
BOLALARNING MAKTABGA ChIQIShI BIR YIL KEChIKDI
1962 yilda qurilgan va yaqinda ta’mirdan chiqarilgan Toshkent shahridagi 100-maktab-internat 220 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Ayni vaqtda esa unda 365 nafar bola tahsil olmoqda. Nega?
— Bu hammamizga noqulaylik tug‘dirmoqda, — deydi 100-sonli maktab internatning yoshlar yetakchisi Shahobiddin Boltaev. – Misol uchun, kanalizatsiya quvurlari ham dosh bermayapti. Bundan tegishli idoralarning xabari bor. Shuning uchun 2019-2020 o‘quv yillari uchun qabul o‘tkazilmadi. Bu bilan maktab yoshiga yetgan bolalarning maktabga chiqishi bir yil kechikdi. Bolasini o‘zi kabilar orasida bo‘lsa, kamsitishlar bo‘lmasligini ota-onalar yaxshi biladi. Shuni hisobga olib, bizga joylashtirishga harakat qiladi.
Respublika miqyosida bo‘lgani sababli bu yerda o‘qish istagini bildiradiganlar soni ko‘p. Shuning uchun vazirlikdan maxsus tuzilgan komissiya bolalarni saralab, bu manzilga yuboradi. Ba’zi bolalar davolanish jarayonida o‘qishdan qolib ketgani bois 10 yoshda birinchi sinfga qabul qilinganlari ham bor. Bitiruvchilarning ham yoshi har xil, ular orasida 22 yoshlilarni ham uchratdik.
MUAMMOLARNI YeChISh MUAMMO EMAS
Maktab-internatda bolalarning imkoniyatlari cheklangani bois, dars jadvaliga ko‘ra, o‘qituvchilar almashib, kirar ekan. Boshqa maktablarda fan sinflari o‘ziga xos jihozlanganiga guvoh bo‘lganmiz. Misol uchun, geografiya, biologiya xonalarida mavzuni yoritishda qo‘l keluvchi o‘quv qurollari, xaritalar bo‘lardi. Bu yerda esa negadir sinf devorlari bo‘m-bo‘sh.
Yotoqxona sharoiti bilan ham tanishdik. Juda zamonaviy jihozlangan, Ammo 200 nafar bolaga mo‘ljallangan joyda 300 nafar bola istiqomat qilmoqda. Karavotlar juda yaqin 12 o‘rniga 18 ta joylashtirilgan. Bunday zichlik qo‘ltiqtayoq, aravacha bilan yurgan bolalar uchun noqulaylikni yuzaga keltirmoqda.
Yana bir gap. O‘quv binosi ham, yotoqxona ham moslashtirilmagan. Patnusli yo‘llar nomigagina qilingani ko‘rinib turibdi. Tadbirlar, bayramlar o‘tkaziladigan xona ikkinchi qavatda bo‘lib, bolalarni zinadan u yerga chiqishi uchun yarim soatdan ko‘proq vaqt kerak Zinalar tor va kichik bo‘lib, ba’zi bolalar undan tepaga chiqa olmaydi. Shunda tarbiyachilar ularni opichlab olib chiqar ekan.