Muammolarga yechim topildi
Buxoro viloyati soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni tezkor hal etish an’anaga aylanib, bu borada sayyor qabullarda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Buxoro viloyati soliq boshqarmasida Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun boshqarma boshlig‘i D. Yuldashevning sayyor qabulida 70 nafar ishtirokchi qatnashib, 20 dan ortiq murojaat va muammolar tinglandi. Har bir masalaga alohida yondashilib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

Tadbir davomida tadbirkorlar tomonidan soliq hisob-kitoblari, hujjatlardagi kamchiliklar, texnik va tashkiliy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Mutaxassislar tomonidan aksariyat muammolar joyida bartaraf etildi.
– Qabulda soliq hisoblanishi va hujjatlardagi ayrim chalkashliklar bo‘yicha murojaat qildim. Mutaxassislar tomonidan masala tezkor o‘rganilib, joyida hal qilindi. Menga yaqindan amaliy yordam berildi. Endi soliq hisoblanishi bilan bog‘liq muammolarim bartaraf etildi, – deydi Vobkent tumanidagi “O‘tkir Hayit Jahongir” fermer xo‘jaligi rahbari Ro‘ziyev Ixtiyor.

Sayyor qabul chog‘ida boshqarma boshlig‘i tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilib, bugungi kunda soliq tizimi “tekshiruvdan – servisga” tamoyili asosida ish olib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, qonuniy va halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar davlat himoyasida ekani, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.
Xulosa o‘rnida, Buxoroda o‘tkazilgan mazkur sayyor qabul tadbirkorlarning ko‘nglini ko‘tarib, ularda ertangi kunga ishonchni mustahkamladi. Eng muhimi, ko‘plab murojaatlarga ijobiy yechim topilgani tadbir ishtirokchilarining mamnunligiga sabab bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.