Muammolarga ijobiy yechim izlandi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi “Kelajak” yoshlar markazida tuman hokimi Uchqun Yelmuratov, tuman prokurori Maqsud Ortiqov hamda korxona-tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida aholi muammolarini manzilli o‘rganish va yechim topish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan qabulda fuqarolar bandlik, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, moddiy yordam olish, sog‘ligini tiklash kabi masalalarda mutasaddilarga murojaat qildi.

– Hozir nafaqadaman. Lekin kichik biznesni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgandim, – deydi Abay mahallasida istiqomat qiluvchi Faxriddin Safarov. – Qabulda mutasaddilarga maqsadimni aytib, kredit va joy masalasida murojaat qildim. “Mikrokreditbank” ATB Uchquduq bank xizmatlari markazi tomonidan Geotexnologik konda ishlaydigan o‘g‘limning nomiga imtiyozli kredit olish taklifi berildi. Tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘iga esa tegishli tartibda joy masalasini hal etish vazifasi yuklatildi. Murojaatim ijobiy yechim topganidan xursandman.

– O‘zim surdopedagogika – logoped mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli pedagogman, – deydi Muxlisa Toshtemirova. – Uchrashuvda ishga joylashish maqsadida mutaxassisligim bo‘yicha ish so‘radim. Murojaatim ijobiy hal qilindi. Tumandagi 7-umumta’lim maktabiga mutaxassisligim bo‘yicha ishga qabul qilinadigan bo‘ldim.

Sayyor qabulda murojaatlarning 10 ga yaqiniga joyida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, aksariyat murojaatlarga huquqiy tushunchalar berildi. Ma’lum bir vaqt va o‘rganishlar talab etadigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri